Ma’naviy va siyosiy mohiyatni anglashga xizmat qiluvchi tahliliy maqola
Munosabat

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Tarix uchun 35 yil katta muddat bo‘lmasligi mumkin. Ammo xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan, milliy davlatchiligimiz tiklangan bu davrning har bir yili mazmun-mohiyati bilan yuksak ahamiyat kasb etadi.
Mustaqil davlat sifatida shakllanish, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallash, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan teng huquqli davlat sifatida so‘z aytish imkoniyatiga ega bo‘lish mamlakatimiz yangi tarixining muhim sahifalarini tashkil etadi. Ayniqsa, keyingi o‘n yilda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini ta’minlash va davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu ma’noda, taniqli siyosatshunos, senator Qudratilla Rafiqov muallifligida O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilingan “Millat shavkati” maqolasi jamoatchilik tomonidan qiziqish bilan kutib olingan muhim tahliliy chiqishlardan biri bo‘ldi.
Muallif mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlarni faqat iqtisodiy yoki siyosiy jarayon sifatida emas, balki xalq tafakkuri va jamiyat ongidagi o‘zgarishlar sifatida tahlil qiladi. Maqolada bugun har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotiga kirib borgan islohotlarning ildizlari, ularning shakllanish jarayoni hamda hayotiy asoslari haqida mushohadalar bayon etilgan.
Ayniqsa, Jizzax viloyati misolida keltirilgan dalillar mazkur o‘zgarishlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etadi. Sanoatning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi ikki baravardan ziyod oshgani, ishsizlik va kambag‘allik darajasi sezilarli qisqargani, eksport hajmi ko‘paygani islohotlar natijasining aniq ko‘rsatkichlaridir.
Bugun viloyatda mahallalarning iqtisodiy ixtisoslashuvi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bog‘dorchilik, chorvachilik, sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalari bo‘yicha yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Infratuzilmani yaxshilash, yo‘l, ichimlik suvi va elektr ta’minotini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar aholi hayoti sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Umuman, mamlakatimizdagi shaharsozlik va bunyodkorlik ishlariga nazar tashlasak, qaysi hududga bormang, yangi korxonalar, ijtimoiy ob’ektlar, turar joylar va zamonaviy infratuzilma barpo etilayotganini ko‘ramiz. Bu jarayonlar xalqimizga xos yaratuvchanlik va bunyodkorlik an’analarining zamonaviy davomidir.
Rivojlangan davlatlar tarixiga nazar solinsa, ularning bugungi taraqqiyot darajasiga yetishi oson kechmagan. Buning uchun yillar, hatto asrlar talab etilgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yurtimizda tarixan qisqa muddatda qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlar biz uchun ayniqsa qadrlidir.
Qudratilla Rafiqov maqolasida ikkinchi jahon urushi yillarida Buyuk Britaniya Bosh vaziri bo‘lgan Uinston Cherchillning: «Biz ulkan voqeliklar va mayda odamlar davrida yashamoqdamiz», degan mashhur fikri keltiriladi.
Bu yerda Cherchill muayyan millat yoki ijtimoiy qatlamni emas, balki katta tarixiy sinovlar oldida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lmagan, davlat va jamiyat manfaatlaridan ko‘ra shaxsiy manfaatni ustun qo‘yadigan, strategik fikrlash va siyosiy irodadan mahrum kimsalarni nazarda tutgan edi.
Tarix shuni ko‘rsatadiki, hal qiluvchi davrlarda populistik shiorlar bilan maydonga chiqadigan, ammo mamlakat taqdiri uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor bo‘lmagan kuchlar ham paydo bo‘ladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda ham bunday holatlar kuzatilgani sir emas.
Afsuski, bugun ham xorijdagi ayrim manbalar ko‘magiga tayanib, har qanday o‘zgarish va yangilanishni qoralashni o‘ziga maqsad qilib olgan shaxslar uchrab turadi. Eng achinarlisi, ular tanqidni taraqqiyot manfaatlariga xizmat qildirish o‘rniga, ba’zan Vatan manfaatlariga qarshi qo‘yishga urinadilar. Biroq hayotning o‘zi bunday qarashlarga javob bermoqda. Prezidentimiz siyosiy irodasi bilan kambag‘allik, ishsizlik, migratsiya, ijtimoiy himoya kabi dolzarb muammolar ochiq tan olindi va ularni hal etish bo‘yicha aniq dasturlar amalga oshirilmoqda. Bir paytlar yashirin ravishda mehnat migratsiyasiga chiqishga majbur bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun davlat himoyasi, til va kasb-hunar o‘qitish tizimi yaratildi, ularni rivojlangan mamlakatlarga uyushgan holda ishga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Bugun jamiyatimiz taraqqiyotining bosh mezoniga aylangan «Inson qadrini ulug‘lash» tamoyili hayotimizning barcha sohalariga chuqur singib bormoqda. Shu bois bu ulug‘ g‘oyani tor yoki biryoqlama talqin qilishga urinishlar hayot haqiqatiga zid ko‘rinadi.
To‘g‘ri, hali muammolar bor. Ularni hech kim inkor etayotgani yo‘q. Aksincha, ochiq tan olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. Yangi O‘zbekistonning muhim xususiyati ham aynan shunda — muammoni yashirish emas, uni hal etishga intilish.
Shu ma’noda, “Millat shavkati” maqolasi nafaqat muayyan voqealar yoki shaxsiy fazilatlar haqidagi mulohaza, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy va siyosiy mohiyatini anglashga xizmat qiluvchi muhim tahliliy qarashdir.
Bugun mamlakatimizning qaysi hududiga bormang, qurilishlar, yangi ish o‘rinlari, zamonaviy korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, obod mahallalar ko‘zga tashlanadi. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar faqat raqamlarda emas, odamlarning kayfiyati, dunyoqarashi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘lmoqda.
Ana shu jihat islohotlarning haqiqiy qudratini belgilaydi. Chunki har qanday o‘zgarish inson qalbidan joy olgandagina uning orqaga qaytishiga yo‘l qolmaydi.
Erkin XOLMATOV,
O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat kengashidagi partiya deputatlik guruhi rahbari
O‘zA