Mamlakatimizda barqaror transport tamoyillarini joriy etish – dolzarb vazifa
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida elektromobillar tobora ommalashib bormoqda. O‘zbekistonda ham elektromobillar soni oxirgi uch yilda 10 karra oshib, 35 mingtaga yetdi.
Bu ommalashuvning asosiy sababi davlat tomonidan ularni xorijdan olib kirishda qator imtiyozlar joriy etilganidadir. Xususan, 2019 yil 1 yanvardan boshlab elektromobillar importiga nol bojxona stavkasi qo‘llanila boshlandi.
Biroq dastlab uni 10 foiz qilib belgilash taklif etilgandi. Bundan tashqari, elektromobillar importi uchun aksiz solig‘i stavkasi nolga tenglashtirildi. Elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilindi. Quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanilmoqda.
Shuningdek, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonlarda 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatildi. Davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohida quvvatlash stansiyasi o‘rnatildi.
Elektr transportining ko‘plab ijobiy xususiyatlari bor bo‘lib, asosiysi, atrof-muhit uchun bir qancha afzalliklarga ega. Xususan, bir yil davomida foydalanilgan bitta elektromobil o‘rtacha 1500 kg. karbonat angidrid bilan atmosfera ifloslanishining oldini oladi.
Mazkur transport vositalari nafaqat tejamkor, balki chiqindilarni kamaytirish va shaharlardagi havo sifatini yaxshilashga sezilarli yordam beradi. Elektr transport vositalari chiqindi gazlarini ishlab chiqarmaydi. Bu esa karbonat angidrid (CO2), azot oksidi (NOx) va zarrachalar (PM) kabi havoni ifloslantiruvchi moddalar darajasini bevosita kamaytiradi.
Taqqoslash uchun, har bir benzin yoqilg‘isida harakatlanadigan avtomobil 15 ming km. masofani bosib o‘tganda atmosferaga 3 tonnagacha karbonat angidrid gazi, 93 kg. uglevodorodlar, 0,5 tonna uglerod oksidi, 30 kg.ga yaqin azot oksidi chiqaradi. Dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan avtomobillarda bu ko‘rsatkichlar biroz yuqori. Elektromobillarni zaryadlashda quyosh, shamol yoki boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalaniladi, bu esa gaz yoki benzinda yuradigan transport vositalariga nisbatan zararini ancha kamaytiradi, ya’ni uglerod chiqindilarining umumiy miqdori sezilarli darajada kamayadi.
Faqat elektr transport vositalariga ruxsat berilgan ekologik toza hududlarni joriy etish shahar markazlarida ifloslanish darajasini kamaytiradi. Havo sifatining yaxshilanishi kasalliklarning kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, elektromobillarga o‘tish barqaror rivojlanish konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, toza va xavfsiz shahar yaratishga hissa qo‘shadi.
Umuman olganda, elektr transport vositalarining joriy etilishi shahar havosi sifatini yaxshilash va zararli chiqindilarni kamaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu esa nafaqat ekologik vaziyatning yaxshilanishiga, balki shaharlardagi hayot sifatining oshishiga ham olib keladi.
– Tadqiqotlar va amaliy natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, elektr transport vositalarida ishlatiladigan batareyaning o‘rtacha ishlash vaqti 8 yil bo‘ladi, – deydi Toshkent kimyo xalqaro universiteti dotsenti Fozil Dodiyev. – Ushbu muddat tugagach, elektromobillarning batareyasini almashtirish yoki avtomobilni butunlay o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Muammo shundaki, batareyani almashtirish katta mablag‘ talab qiladi. Ya’ni, akkumulyatorlar yaxshi avtomobillarda 40 ming dollargacha borishi mumkin.
Bundan tashqari bizni tashvishga soladigan ayrim tashvishlar mavjud. Masalan, elektromobillar va ularning batareyalari ishlab chiqarilishi va ularni utilizatsiya jarayonlari atrof-muhitga zarar keltirishi va inson salomatligi bilan bog‘liq muammolar keltirib chiqarishi mumkin.
Ikkinchidan, elektromobillar elektr manbai bilan ishlaydi. Agar bu elektr energiyasi ko‘mir yoki tabiiy gaz kabi yoqilg‘ilardan foydalanadigan bo‘lsa, bu holatda tabiatga-hech qanday o‘zgarish yuzaga kelmaydi. Ya’ni, elektromobillarning umumiy atrof-muhitga ta’siri kamaymaydi. Bizda hozir xuddi shunday bo‘lyapti. Biz elektromobillarni markazdagi elektr zaryadkalarda zaryadlayapmiz. Biz agar zaryadlashda quyosh yoki shamol kabi ekologik toza energiya manbalaridan foydalanadigan bo‘lsak, bu holatda haqiqatdan ham yashil avtomobil bo‘ladi. Yashil iqtisodiyotga o‘tamiz, yashillikka intilamiz.
Yana bir haqiqat, elektromobillarning batareyalari muddati tugagach, ularni qayta ishlash lozim. Aks holda ular atrof muhitga zarar yetkazuvchi moddalarni chiqarishi mumkin. Bu elektromagnit nurlanish sog‘lig‘imizga zarar yetkazadi. Ba’zi tadqiqotlar elektromobillarning yuqori kuchlanishli elektr tizimlari atrofida elektromagnitlar hosil bo‘lishini ko‘rsatgan. Bu esa ko‘pchilikni tashvishga soladi. Biroq hozirgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu maydonlar xavfsiz chegaralar doirasida qoladi va inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Yana bir gap: elektr avtomobil dvigateli atmosfera uchun zararsiz. Ammo bir narsani odatda hisobga olmaymiz. Ekologiyaga zararli chiqindilarni bunday dvigatellar manbai bo‘lmish elektr energiyasini ishlab chiqaradigan elektr stansiyalari tashlaydi. Elektr transport vositalari qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p elektr energiyasini ishlab chiqarish kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, agar elektr stansiyalarining asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari (IES) bo‘lsa, vaziyat yanada keskinlashadi. Yaqinda AQSHning Shimoliy Karolina universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, elektr transportining ulushi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda ekologiyaga zararli chiqindilar ko‘proq tashlanadi. Buning sababi IESga tushadigan yukning ortishidir.
Elektr transport vositasining ekologiyaga ta’sirini baholashda ishlab chiqarish texnologiyasiga e’tibor ham qiziq xulosalar keltirib chiqaradi. Bir necha yil oldin Shveysariyaning “Ricardo” konsalting kompaniyasi o‘z tadqiqot natijasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, an’anaviy yoqilg‘iga asoslangan avtomobil ishlab chiqarishda elektromobil ishlab chiqarishga qaraganda atmosferaga zararli chiqindilar bir yarim baravar kam ajraladi. Bunda chiqindilarning taxminan yarmi akkumulyator ishlab chiqarish bosqichiga to‘g‘ri keladi.
– Tadqiqot natijalari, ilmiy kuzatuvlar, olimlarning sharhlari shuni ko‘rsatadiki, elektr mashinalar ham risoladagidek “toza” emas, – deydi Fozil Dodiyev. – Albatta, bu o‘rganishlar ushbu texnologiyani rivojlantirishdan bosh tortish uchun sabab bo‘lolmaydi. Ehtimol, fan va ishlab chiqaruvchilar kelgusida bu muammolarni hal qilish yo‘llarini topishar. Elektr transport vositalari inson va sayyoramiz sog‘lig‘iga minimal zarar yetkazishi uchun ularning ishlab chiqarilishi va utilizatsiyasi bo‘yicha yangi tadqiqotlar va takomillashtirishlar uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bu borada mamlakatimizda iqtisodiyotni “yashillantirish”, resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan muhim islohotlar bir necha yil oldin boshlangan. 2019 yilda O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qildi. 2021 yilning avgustida 100 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un ekanini ta’kidlab, bu yo‘nalishda taklif va mulohazalarini bildirdi.
2025 yil –“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili“ deb e’lon qilindi. Bugungi kunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashga qaratilgan yana ko‘plab samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qayta tiklanuvchi, “yashil”, muqobil energetika degan atamalar quyosh, shamol, gidroenergetika manbalari bilan yonma-yon qo‘llanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, quyosh “yashil” energiya asosidir. Mamlakatimizda yilning 320 kuni quyoshli. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mana shunday oftobli kunlar quyosh stansiyalarini qurish orqali 600 milliarddan ortiq kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. 2030 yilgacha O‘zbekistonda issiqxona gazining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmasini 2010 yildagi darajadan 35 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika manbalari ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘proqqa yetkazish maqsad qilingan. Mazkur strategiya doirasida quyosh energiyasidan foydalanish 7 gigavattgacha, shamol energiyasidan esa 5 gigavattgacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda barqaror transport tamoyillarini joriy etish dolzarb vazifaga aylangan. Bu borada qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh energiyasidan foydalanish, suv va yer resurslarini oqilona boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash hamda ekologik transport tizimlarini joriy etish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish imkonini beradi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA