Mamlakatimizda 34 milliard AQSH dollari qiymatdagi DXSH loyihalari turli bosqichlarda amalga oshirilmoqda
Toshkentda “Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish” mavzusidagi III Davlat-xususiy sheriklik davra suhbatining birinchi kungi tadbirlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirga mahalliy va xorijiy ekspertlar, mas’ullar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari- iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, OTBning Bozorlarni rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik ofisi rahbari Takeo Koyke va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) mexanizmini keng joriy etish va bu yo‘nalishni strategik darajada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Keyingi paytda DXSH mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga, xususan, infratuzilmaviy loyihalarga xususiy kapitalni jalb etish, innovatsion yondashuvlarni olib kirish va shu orqali davlat xaridining samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy infratuzilmaviy muammolarga yechim topishning muhim omiliga aylanib bormoqda. Qayd etish kerakki, bugunga qadar 34 milliard AQSH dollari qiymatdagi 2 800 ta DXSH loyihasi turli bosqichlarda amalga oshirilmoqda. Albatta, bunday natijadorlikka erishishning asosiy omili sohani rivojlantirishda olib borilayotgan tizimli islohotlardir.
Tadbirda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzoqov qayd etganidek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan iqtisodiy o‘sish maqsadlari va 2030 yilgacha 30 milliard AQSH dollari miqdoridagi DXSH loyihalari dasturini amalga oshirish yo‘lida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, yangi moliyaviy yechimlar ishlab chiqish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhim masalalar hisoblanadi.
[gallery-26304]
–So‘nggi paytda mazkur dastur bo‘yicha energetika, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ham muhim natijalarga erishildi. Biroq DXSH dasturlari afzalliklarga ega bo‘lsa-da, ular bilan bog‘liq xavflar ham mavjud. Shu nuqtai nazardan, loyihalarning muhimligiga asosan belgilash masalasi turibdi. Ular soni ko‘paygan sari monitoring jarayoni ham muhim ahamiyat kasb etyapti. Har bir shartnomada xususiy sektor va davlat sektori o‘z mas’uliyatini oladi. Ammo hozirgi kunda taxminan 500 ta loyiha mavjud bo‘lib, ularni doimiy ravishda tekshirib borish deyarli imkonsiz vazifa hisoblanadi. Bu muammoni hal etishda raqamlashtirish muhim ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra, DXSH sohasida raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Unga muvofiq, vazirlik tomonidan Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini boshqarishning yagona elektron platformasi, ya’ni “ppp.imv.uz” ishga tushiriladi. Uning asosiy maqsadi loyihalar sifati va investorlar uchun jozibadorligini oshirish, ularning moliyaviy va institutsional barqarorligini ta’minlash, sohada sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish hamda tashabbusdan amalga oshirishgacha bo‘lgan jarayonni samarali va tejamkor boshqarishni yo‘lga qo‘yish. Mazkur platforma 2026 yil 1 yanvardan to‘liq ish rejimida faoliyat yuritadi, – dedi u.
OTBning Bozorlarni rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik ofisi rahbari Takeo Koykening so‘zlariga ko‘ra, ushbu davra suhbati DXSH faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim muloqot maydoni.
–Bizning maqsadimiz transport, suv, energiya va ijtimoiy sektorlarda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari uchun yangi portfelni rivojlantirish orqali taxminan 1 milliard AQSH dollari miqdorida xususiy investitsiyalarni safarbar qilish. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda yanada ko‘proq loyiha portfelini rivojlantirishga tayyormiz. Osiyo bo‘ylab zamonaviy va iqlimga barqaror infratuzilmaga bo‘lgan talab jadal o‘smoqda. Shu bilan birga, davlat resurslari cheklangan holda qolmoqda. Shu vaqtda investorlar uzoq muddatli barqaror va samarali imkoniyatlarni qidirmoqda. DXSH modeli aynan shu nuqtada muhim ahamiyatga ega.
DXSH xususiy kapital va bilimni davlat xizmatlari ko‘rsatishiga yo‘naltirib, manfaatlarni uyg‘unlashtiradi, risklarni samarali taqsimlaydi va xalq uchun qiymatni oshiradi. Bu imkoniyatlarni amalga oshirish uchun DXSH loyihalari ishonch, ochiqlik va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasida risk va foydani teng taqsimlashga asoslanishi lozim. Shuning uchun hukumat, investorlar, moliyachilar, maslahatchilar va operatorlarni birlashtiruvchi mazkur davra suhbati juda muhim ahamiyatga ega, – dedi Takeo Koyke.
Tadbir davomida bir qator muhim memorandum va hujjatlar imzolandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA