Yangi Toshkent xalqaro brendlar e’tiborida
Yangi Toshkent shahrini zamonaviy megapolis sifatida barpo etish yo‘lida xalqaro hamkorlik tobora kengaymoqda. Dunyoga mashhur brendlar va yirik investorlarning ushbu loyihaga qiziqishi shaharning investitsiyaviy jozibadorligi hamda istiqbolli rivojlanish imkoniyatlarini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Italiyaning mashhur «Tonino Lamborghini» brendi bosh ijrochi direktori Janluka Filippi boshchiligidagi delegatsiya «Yangi Toshkent» direksiyasida bo‘lib, shaharni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi, birinchi bosqichda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, ekologik barqarorlik tamoyillari hamda hududning yuqori investitsiyaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Delegatsiya rahbari Janluka Filippi Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan shaharsozlik konsepsiyasi va investitsiyaviy loyihalarga yuqori baho berib, ularda ishtirok etish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Jumladan, xalqaro darajadagi «Design Residence», «Premium Coworking» kabi zamonaviy majmualarni tashkil etish, dizayn va innovatsion texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bu borada jahonning rivojlangan shaharlari tajribasi yuzasidan fikr va tajriba almashildi.

Bunday uchrashuvlar Yangi Toshkentning xalqaro investitsiya markazlaridan biriga aylanishi, nufuzli brendlar ishtirokida innovatsion va zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda shaharsozlik sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA