Malakali media mutaxassislari tayyorlanmoqda
Hozirga qadar respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq yoshlar mazkur loyihalar doirasida ta’lim olib, zamonaviy media sohasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, Namangan viloyatida 120 nafardan ziyod SMM mutaxassisi va 100 nafardan oshiq mobilograf tayyorlandi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan hududlarda tashkilotlar xodimlari va yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yosh mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi” loyihalari bitiruvchilari ishtirokida taqdimot tadbiri ana shunday amaliy sa’y-harakatlardan biri bo‘ldi.

Unda Namangan viloyatidagi yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalari vakillari, tadbirkorlar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar loyihalarning, yoshlarni axborot kommunikatsiya texnologiyalari borasida zarur ko‘nikmalarni egallashidagi o‘rni va malakali media mutaxassislarini tayyorlashdagi ahamiyati haqida batafsil to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, “2025-2027-yillarga mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va media platformalari uchun kontent tayyorlash hamda keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha dastur” ijrosi doirasida mamlakatimizda “Mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi” loyihalari izchil amalga oshirilmoqda.
Taqdimot davomida “Mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi”ning o‘quv jarayonlari, bitiruvchilarning amaliy ishlari hamda erishgan natijalari namoyish etildi.

Shuningdek, tashkilotlar faoliyatini zamonaviy talablar asosida yoritish, sifatli media-kontent yaratish, raqamli marketing va ijtimoiy tarmoqlarda samarali faoliyat yuritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida xususiy sektor vakillariga loyiha bitiruvchilarining kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish, ularni ish bilan ta’minlash hamda tashkilotlarning media faoliyati va ijobiy imijini yanada mustahkamlash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng, “SMM maktabi” va “Yosh mobilograflar maktabi”da o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri