Maktab hojatxonalari sanitariya talablariga javob beradimi?
O‘zbekistonda ta’lim sifati, inson kapitali va hududlar o‘rtasidagi teng imkoniyatlar haqida ko‘p gapirilmoqda. Ammo bu maqsadlarga erishish yo‘lidagi eng muhim, biroq uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan masalalardan biri — maktablardagi sanitariya sharoiti hisoblanadi.
Ayniqsa, qishloq hududlaridagi maktab hojatxonalari muammosi nafaqat maishiy noqulaylik, balki sog‘liqni saqlash, ta’lim sifati va ijtimoiy adolat bilan bog‘liq strategik masalaga aylanib ulgurdi.
O‘tgan yillar davomida hududlardagi sanitariya infratuzilmasini rivojlantirishda asosan markazlashgan kanalizatsiya tizimiga tayanildi. Biroq bu yondashuv amalda kutilgan natijani bermadi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi Delivery Unit loyiha ofisi tomonidan tayyorlangan maqolada qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakat hududlarida markazlashgan kanalizatsiya qamrovi taxminan 20 foizni tashkil etadi.
Qolgan hududlarda esa maktablar va ijtimoiy ob’ektlar hali ham eski, sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitlarda faoliyat yuritmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har bir chekka qishloqqa qadar magistral quvur tortish ulkan sarmoya va uzoq yillik vaqt talab qiladi. Bu esa yana bir necha avlod bolalarining munosib sanitariya sharoitisiz qolishiga olib kelishi mumkin.
Jahon banki tadqiqotlariga ko‘ra, sanitariya sharoitining yetarli emasligi iqtisodiyot uchun ham jiddiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Kasalliklar ko‘payishi, dars qoldirish holatlari va mehnat unumdorligining pasayishi orqali mamlakat yalpi ichki mahsulotining sezilarli qismi yo‘qotilishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, chekka hududlar uchun eng to‘g‘ri yo‘l sodda va avtonom ishlaydigan texnologiyalardan foydalanishdir. Shu nuqtai nazardan, “Soakaway” tizimi so‘nggi paytlarda samarali yechim sifatida ko‘rilmoqda. Uning asosiy afzalligi — elektr energiyasiga deyarli ehtiyoj sezmasligi va murakkab texnik xizmat talab qilmasligida.
Tizim Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi pilot maktablarda sinovdan o‘tkazilib, turli iqlim sharoitlarida barqaror natija ko‘rsatgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ushbu texnologiyani markazlashgan tarmoqlardan uzoq ijtimoiy ob’ektlarda qo‘llash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ham ishlab chiqilgan.
Sanitariya sharoiti yetarli bo‘lmagan maktablardan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan qatlam — o‘smir qizlar hisoblanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, har to‘rtinchi qiz bola muayyan davrlarda maktabga bormay qolishi mumkin. Buning sababi ko‘pincha munosib gigiyena sharoitining yo‘qligidir. Bu esa ta’lim sifatiga, qizlarning ijtimoiy faolligiga, kelajakdagi imkoniyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, yangi maktab hojatxonalarida inklyuzivlik talablari, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun qulayliklar va qizlar gigiyenasi uchun sharoitlar alohida hisobga olinishi zarur.
“Toza qo‘llar” dasturi doirasida maktab ichki hojatxonalarini qurish va ta’mirlash uchun har yili 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. 2025-yilning o‘zida 139 ta maktabda modernizatsiya ishlari amalga oshirilgan. Biroq tahlilchilarning fikricha, muammoning yechimi faqat mablag‘ bilan bog‘liq emas.
Asosiy masala — to‘g‘ri texnologiya va samarali boshqaruvni tanlashda. Qimmat va murakkab tizimlar emas, balki uzoq yillar davomida barqaror ishlaydigan, xizmat ko‘rsatish xarajati kam bo‘lgan yechimlar ustuvor bo‘lishi kerak.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA