Makkajo‘xori yetishtirish: hosildorlik va tejamkorlik uchun yangi yechimlar
Bulung‘urda makkajo‘xori yetishtirishda yangi davr boshlandi. Xitoy texnologiyalari va serhosil duragaylar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida samarali yechimlarni taqdim etmoqda.
Bulung‘ur tumanida makkajo‘xorining serhosil duragaylari urug‘chiligini rivojlantirish va zamonaviy, resurs tejamkor agrotexnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali dala seminari o‘tkazildi. Tadbirni Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Zafar Ortiqov kirish so‘zi bilan ochib, makkajo‘xorining serhosil duragaylari urug‘chiligini rivojlantirishning muhim jihatlariga to‘xtaldi.

Sifatli urug‘lik bazasini shakllantirish makkajo‘xoridan yuqori va barqaror hosil olish bilan birga, chorvachilik uchun ozuqa bazasini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda urug‘ importini qisqartirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Ushbu tadbir O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoy kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida tashkil etildi. Ayni paytda Bulung‘ur tumanidagi 467 gektar maydonda makkajo‘xorining serhosil duragaylari urug‘chiligini mahalliylashtirish, shuningdek, Xitoyning resurs tejamkor agrotexnologiyalarini mahalliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda.

Seminarda soha vakillari, olimlar, mutaxassislar va fermerlar ishtirok etib, makkajo‘xorining yuqori hosilli duragaylari hamda ularni yetishtirish texnologiyalari bilan tanishdi. Xususan, tomchilatib sug‘orish, plyonka ostiga ekish, o‘g‘itlarni aniq me’yorda qo‘llash, keng va tor qatorlarda yuqori zichlikda joylashtirish kabi resurs tejamkor texnologiyalar namoyish etildi.

Tadbir davomida mahalliy sharoitda makkajo‘xori duragaylarini yaratish va urug‘ini ko‘paytirish, fermerlarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash hamda ilg‘or texnologiyalarni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA