Mahsulotlarimiz Karib dengizi bozoriga yo‘l olmoqda (+video)
O‘zbekistonda yetishtirilgan mosh, loviya va quritilgan o‘rik mahsulotlari minglab kilometr uzoqlikdagi yangi bozor — Dominikan Respublikasiga yo‘l olmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan hamkor davlat bilan eksport uchun fitosanitariya talablari kelishilib, mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasi kengaymoqda.
Dominikan Respublikasi — Karib dengizi mintaqasida joylashgan davlatlardan biri bo‘lib, ushbu bozor hisobiga O‘zbekiston uchun endi eksport xaritasi kengaymoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan olib borilgan muzokaralar natijasida quritilgan o‘rik, mosh va loviya eksporti uchun fitosanitariya talablari belgilandi. Xalqaro savdoda o‘rnatilgan talablarga muvofiq tayyorlangan, tegishli fitosanitariya sertifikati bilan ta’minlangan va tashish jarayonida himoyalangan mahsulotni ushbu davlatga olib kirishga ruxsat beriladi.
—Eksport jarayonida Dominikan Respublikasi fitosanitariya talablariga to‘la rioya qilinishi, jumladan har jo‘natma O‘zbekiston Respublikasida rasmiylashtirilgan fitosanitariya sertifikatining asl nusxasi bilan eksport qilinishi kerak, — deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Nazokat Tohirova. — Mahsulotlar Dominikan Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlardan xoli bo‘lishi, germetik qadoqlarda eksport qilinishi talab etiladi. Yog‘och qadoqlar esa xalqaro standartlarga asosan fumigatsiya qilinishi majburiydir. Muhim eslatma: fitosanitariya sertifikatida Dominikan tomonidan berilgan import karantin ruxsatnomasi raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi muhim.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda O‘zbekistonning meva-sabzavot eksporti tarkibida mosh 148,2 ming tonnani tashkil etgan. Asosiy xaridorlar Xitoy, Niderlandiya va MDH davlatlari. Loviya eksportida ham o‘xshash dinamikani ko‘rish mumkin. Mazkur dukkakli mahsulotlar hajmi bo‘yicha yetakchi bo‘lsa, quritilgan o‘rik 2025-yilda 56 ta davlatga eksport qilingan.
Yangi bozorlarning ochilishi mazkur ko‘rsatkichlarning yanada oshishiga xizmat qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha eksport imkoniyatlarini yaratadi hamda O‘zbekistonning xalqaro eksport maydonidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Sanjar Toshpo‘latov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA