Surxondaryo yashil boyliklarga burkangan yanada obod vohaga aylanadi
Surxondaryo viloyatida "yashil belbog‘"lar barpo etilib, to‘satdan yuz beradigan chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 23-sentabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham bunday ezgu amalni izchil davom ettirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.

Joriy yilgi “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi viloyatda noyabr oyida boshlanadi. Ayni paytda mavsumga qizg‘in hozirlik ko‘rilib, ko‘chat ekiladigan hududlar belgilab olindi. Mavsum oldidan yerlarni tekislab, tuproq holatini yaxshilash va ko‘chat ekish uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanidagi Ilg‘or mahallasi hududida bo‘lib, bu yerda ajratilgan 179 gektar maydonda kuzgi ko‘chat ekish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Loyihaning o‘tgan mavsumida hududdagi Qoraqir massivida 108 gektar maydonda shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik barqarorlikni yumshatishga xizmat qiladigan yirik “yashil belbog‘” barpo etilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.

Mutaxassislarning fikricha, viloyatda shamol eroziyasining oldini olib, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga davlat darajasida e’tibor qaratilayotgani va ilmiy asosda yondashilayotgani chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirib, kasalliklarning chekinishi va tuproq ko‘chishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yerlarni eroziyadan saqlashga xizmat qiladi. Tevarak-atrofning aniq reja va maqsad asosida ko‘kalamzorlashtirilayotgani iqlimni yumshatadigan tabiiy to‘siq, shamol va changdan himoyalaydigan “yashil qalqon” vazifasini o‘taydi. Tuproqni ko‘chishdan asraydi. Atmosfera havosi sifatini yaxshilaydi.
Kuzgi mavsumda ekiladigan ko‘chatlar ham ana shunday ulug‘vor maqsadga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda viloyatdagi o‘rmon xo‘jaliklari 8 gektar maydonda Belarus tajribasi asosida zamonaviy ko‘chatxona tashkil etadi.

Shu yerda viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunov “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilab olingan rejalar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot qildi.

Vohada kuzgi mavsumda 11 million 187 ming tup ko‘chat ekiladi. 723 mahallada ko‘kalamzorlashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilib, 30 ta mikroo‘rmon, 30 ta soyali sayr ko‘chasi va 30 ta jamoatchilik bog‘i barpo etiladi. 30 ta kompostlash va mulchalash maydonchasi tashkil etilib, 90 ta shox-shabba maydalash uskunasi xarid qilinadi. “Yashil lot” hamda “Mahallani yashillashtirish” tashabbuslarining ahamiyati keng targ‘ib qilinadi.

Taqdimotda farmon ijrosini so‘zsiz ta’minlash, har bir mahallada belgilangan ishlarni tizimli tashkil etib, ko‘chatlarni sifatli ekish va parvarishlash, yangi yashil hududlarni barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hududlarda “3-30-300” tamoyilini joriy etish, aholi uchun qulay va ekologik sog‘lom muhit yaratish masalalari ham muhokama etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri