Mahsulotlar Rossiya bozoriga jo‘natilmoqda
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining iqtisodiy qiymati uni yetishtirish bilangina emas, balki iste’molchiga o‘z vaqtida, sifatini yo‘qotmagan holda yetkazib berish bilan ham belgilanadi. Shu ma’noda, mahalliy mahsulotlarni xorij bozorlariga olib chiqish, eksport yo‘nalishlarini kengaytirish va yetkazib berish jarayonlarini samarali tashkil etish agrar tarmoq oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Kuni kecha “BMB Holding” tasarrufidagi “BMB-NRC Agrologistics” korxonasi tomonidan Rossiya Federatsiyasiga saxovatli Jizzax zaminida yetishtirilgan brokkoli va gulkaramning navbatdagi partiyasi jo‘natildi. Dastlab qaraganda, bu oddiy savdo jarayonidek tuyulishi mumkin. Aslida esa bunday yetkazib berishlar mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tashqi bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlashi, ishlab chiqaruvchilar imkoniyatlarining kengayishi va agrologistika tizimining ahamiyati ortib borishida muhim o‘rin tutadi.

Eksportda mahsulotning o‘zi bilan bir qatorda uning sifati, yangiligi, saralanishi, qadoqlanishi va belgilangan manzilga o‘z vaqtida yetib borishi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayniqsa, brokkoli va gulkaram kabi yangi uzilgan holda iste’mol qilinadigan sabzavotlarni xalqaro bozorga yetkazishda har bir bosqichni puxta tashkil etish talab etiladi. Demak, agrologistika faqat tashish jarayonini emas, balki yetishtirilgan hosilning bozorbopligini ta’minlaydigan muhim iqtisodiy bo‘g‘indir.


Bu borada davlat siyosati darajasida ham aniq vazifalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mahsulotlarni yetishtirishdan tortib eksportgacha bo‘lgan jarayonlarni takomillashtirish, fitosanitariya nazoratini soddalashtirish va agrologistika markazlarini rivojlantirish vazifalari belgilangan. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar eksport jarayonlarini yanada samarali tashkil etish uchun ahamiyatli huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.


Eng muhimi, eksport natijasi faqat jo‘natilgan mahsulot hajmi bilan emas, balki uning xaridor talabiga muvofiqligi, yetkazib berish barqarorligi va hamkorlikning davomiyligi bilan ham o‘lchanadi. Shu bois har bir navbatdagi eksport partiyasi yangi imkoniyatlar sari tashlangan qadam, mahalliy agrar mahsulotlarning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi muhim tajribadir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri