Mahoratli atletlar Samarqandda bellashmoqda
Samarqand xalqaro turizm markazida triatlon bo‘yicha "Challenge Samarkand 2026" xalqaro sport festivaliga start berildi.
Bugungi bahslar 750 metr masofaga suzish, 19 kilometr velopoyga va 5 kilometrga yugurish bosqichlaridan iborat bo‘lib, unda professional sportchilar bilan birga havaskorlar ham o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishdi. Musobaqa ishtirokchilari yosh toifasiga ajratilgan holda saralandi hamda g‘olib va sovrindorlar ushbu mezon asosida aniqlandi.
Bugungi dastur doirasida bolalar o‘rtasida yugurish musobaqasi o‘tkazildi. Unda 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar 5 ta yosh toifasi bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Xalqaro sport festivalining birinchi kungi dasturi ayollar o‘rtasidagi yugurish bahslari bilan yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga musobaqaning asosiy – Middle Distance masofasida bahslar o‘tkaziladi. Unda ishtirokchi sportchilar 1,9 kilometr masofaga suzish, 88 kilometr velopoyga hamda 21,5 kilometr yugurish bosqichlaridan o‘tishi talab etiladi.
[gallery-31393]
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari