Mahalliy kimyo mahsulotlari ulushini oshirish vaqti keldi
Joriy yilning 2-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tarmoqda qo‘shilgan qiymatni oshirish, energiya tejamkorligini ta’minlash hamda mahalliy xomashyodan samarali foydalanish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Raqobat qo‘mitasi tomonidan kimyo sanoatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha keng qamrovli tahlillar o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida ichki bozordagi talab va taklif muvozanati, ishlab chiqarish quvvatlari, raqobat muhiti hamda investitsiya imkoniyatlari atroflicha tahlil qilindi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, kimyo sanoatida ishlab chiqarish hajmlari izchil o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ayrim mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojning katta qismi hanuz import hisobiga qoplanmoqda. Ayniqsa, farmatsevtika, kosmetika, organik kimyoviy birikmalar, polimer va maxsus kimyoviy mahsulotlarga talab yuqori.
Bu esa mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini oshirishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda. Bu borada “Maxam-Chirchiq”, “Navoiyazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Ammofos Maxam”, “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” hamda “Farg‘onaazot” kabi yirik korxonalarning salohiyatidan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislarning fikricha, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish nafaqat ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash, balki eksport salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA