Oliy ta’lim tashkilotlarida sifatni ta’minlash va xalqaro akkreditatsiya: tamoyildan amaliyotgacha
Oliy ta’limda sifat boshqaruvi va xalqaro akkreditatsiyaga erishish ta’lim dasturlarini jahon standartlariga moslashtirish hamda ichki sifat nazorati tizimini to‘liq raqamlashtirishdan boshlanadi. Bunda eng muhim omillardan biri professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, talabalar bilan samarali qayta aloqani yo‘lga qo‘yish va mustaqil tashqi audit jarayonlariga tizimli tayyorgarlik ko‘rish hisoblanadi. Yakuniy natijada ta’lim sifati xalqaro darajada tan olinib, universitetlarning global reytinglardagi o‘rni hamda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi sezilarli darajada oshadi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Foundation for International Business Administration Accreditation (FIBAA) hamkorligida “Tamoyildan amaliyotgacha: oliy ta’lim tashkilotlarida sifatni ta’minlash boshqaruvi va xalqaro akkreditatsiyaga eltuvchi yo‘l” mavzusida xalqaro seminar-trening o‘tkazildi.
Unda 200 dan ortiq oliy ta’lim tashkiloti vakillari, jumladan, xalqaro ekspertlar, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektorlar, ta’lim sifatini ta’minlashga mas’ul rahbarlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi oliy ta’lim tashkilotlarida sifatni ta’minlash tizimini takomillashtirish, ichki sifat kafolati mexanizmlarini rivojlantirish, soha vakillarini xalqaro akkreditatsiya standartlari va ilg‘or amaliyotlar bilan tanishtirish, shuningdek, institutsional rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
[gallery-29774]
Seminar-trening dasturi doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan oliy ta’limda sifatni ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari, institutsional boshqaruv mexanizmlari hamda xalqaro akkreditatsiya standartlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etildi. Shuningdek, FIBAA ekspertlari ishtirokida ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari, o‘zini o‘zi baholash hisobotlarini tayyorlash, ekspertlar tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish va ichki sifat kafolati tizimini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida savol-javob va netvorking sessiyalari, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish uchrashuvlari tashkil etildi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muloqotlar va muhokamalar o‘tkazildi.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu xalqaro seminar doirasida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda FIBAA o‘rtasida hamkorlik memorandumini rasmiy imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
FIBAA Germaniya, Avstriya va Shveysariya biznes assotsiatsiyalari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 30 yildan ortiq tajribaga ega mazkur tashkilot bugungi kunga qadar 35 dan ziyod mamlakatdagi 400 dan ortiq oliy ta’lim muassasasida 5600 dan ziyod ta’lim dasturini akkreditatsiyadan o‘tkazgan. Tashkilot faoliyatiga 1100 nafardan ortiq xalqaro ekspert jalb qilingan bo‘lib, 60 dan ziyod institutsional akkreditatsiya amalga oshirilgan.
FIBAA akkreditatsiyasi ta’lim dasturlarining xalqaro miqyosda tan olinishi, mustaqil ekspert bahosini olish, chuqur tahlil o‘tkazish va ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Seminar-trening oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda xalqaro akkreditatsiya jarayonlari bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining xalqaro ta’lim makoniga integratsiyalashuvini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nazokat Usmonova,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA muxbirlari