Mahallalarga istiqlol tuhfasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi tegishli qaroriga muvofiq, yil davomida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallalar”da zamonaviy mahalla kutubxonalarini tashkil etish belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Markaziy bank hamkorligida “Mahalla kutubxonasi” tashabbusi yo‘lga qo‘yildi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” ezgu g‘oyasi asosida “Kitob karvoni” ma’rifiy aksiyasi tashkil etildi.
Loyiha doirasida respublika bo‘ylab infratuzilmasi, obodonligi va ma’naviy muhiti bilan alohida ajralib turadigan Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi 35 ta namunali mahalla tanlab olinib, ushbu mahallalarda tashkil etilgan zamonaviy kutubxonalarga jami 35 ming nusxa kitob topshirildi.
Kitoblar jahon va o‘zbek mumtoz hamda zamonaviy adabiyoti, ilmiy-ommabop, sohaviy va bolalar adabiyotining sara namunalaridan tarkib topgan. “Kitob karvoni”ning tantanali tadbiri O‘zbekiston mahallalari uyushmasining bosh binosida o‘tkazildi.
[gallery-31102]
Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli yozuvchi va shoirlar, ma’rifatparvar ziyolilar, mahalla faollari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida kitoblarni mahallalarga tantanali topshirish, kitobxonlik madaniyati va mahalla kutubxonalarining aholi hayotidagi ahamiyati haqida muloqotlar o‘tkazildi.
Mazkur tashabbus mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib ma’rifiy sovg‘a bo‘lib, mamlakatimizda “mahallabay” yondashuv asosida ma’naviy-ma’rifiy muhitni yuksaltirishga qaratilgan muhim qadamdir. Zero, kitob bor joyda tafakkur, bilim va ezgu maqsadlar qaror topadi. “Kitob karvoni” orqali 35 ta mahallaga yetkazilayotgan 35 ming kitob nafaqat kutubxona javonlarini, balki yurtdoshlarimizning qalbi va tafakkurini ham boyitishga xizmat qiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi — mahallalarni aholining ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondiruvchi, kitobxonlik va intellektual rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi maskanlarga aylantirish. Shu bilan birga, tashabbus shahar markazlaridan tortib chekka va olis hududlardagi mahallalargacha sifatli adabiyotlardan bepul foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Kutubxonalarning boyitilishi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda mutolaa madaniyatini shakllantirish, bilim va dunyoqarashini kengaytirish hamda mahallalarda ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi. Zero, kitobdan yaxshiroq sovg‘a yo‘q!
N.Usmonova,
Alimurod Mamadaminov (suratlar),
O‘zA muxbirlari