Mahallalardagi har bir o‘zgarish ertangi farovon hayotning mustahkam poydevori sanaladi
Mustaqillikning 35 yilligi
Tong saharlab mahallada sayr qilishni odat qilgan Ahmad ota yetmish yoshda. U Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasining eski ko‘chalarini yaxshi biladi. Loy va qorong‘i yo‘laklar, mo‘ltirab turadigan tungi chiroqlar kechagidek yodida.
Bugun u ravon, atrofi daraxtzor, favvoralar shovullayotgan keng yo‘lak bo‘ylab sayr qiladi. Mahallamizning nomi O‘zgarish edi-yu, lekin aslida haqiqiy o‘zgarish mana endi keldi, deydi ko‘ngli to‘lib. Buni ko‘pni ko‘rgan bir insonning kuzatgani, o‘z ko‘zi bilan ko‘rayotgan o‘zgarishga bergan vijdoniy bahosi deyish mumkin.
Poytaxtimizning Sergeli tumanida joylashgan bu mahalla katta joyni egallagan. 45 ta ko‘p qavatli uyda 1 ming 620 ta xonadon bor. Ularda esa 6 ming 700 nafardan ziyod odam istiqomat qiladi. Bu raqamlar ortida har xil taqdirlar, umrlar, kutishlar yashaydi.
Yillar davomida infratuzilma eskirib borgan, ko‘chalar ta’mirlanmagan, bolalar uchun o‘yin maydonchalari yo‘q, nuroniylar hordiq chiqaradigan hudud bo‘lmagan. Bu joyda to‘planib qolgan muammolar esa oddiy aholining kayfiyatiga, umidiga, hatto o‘z mahallasiga nisbatan mehriga sezilarli ta’sir ko‘rsatib kelgan. Odamlar yashagan, lekin yashayotganini unchalik his qilmagan joylarning biri bo‘lgan bu mahalla.
Keyingi yillarda bu manzil nomiga monand tarzda chin o‘zgarishga yuz tutdi.
[gallery-30451]
– Bugun mahallada 10 ta zamonaviy bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni va 2 ta salomatlik hududi bor, – deydi O‘zgarish mahallasi raisi Dono Miraliyeva. – Shuningdek, 1,4 kilometrlik piyodalar yo‘laklari barpo etildi. 12 ta ko‘p qavatli uyning fasadi ta’mirlanib, ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Yana 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekdik. Bu raqamlarni sanab o‘tar ekanman, ularning ortida nima yotishini aniq aytaman. Bu yuzlab farzandlarimizning xavfsiz bolaligi, nuroniylarning mazmunli hordig‘i va har bir xonadonning bugungi kundan roziligi degani. Darhaqiqat, bolalar maydonchasidagi xursandchilik, kechqurun sayr qilayotgan oila, daraxt soyasida o‘tirgan nuroniy... Bularning barchasi oddiy raqam emas, bu ta’riflab bo‘lmas tuyg‘u degani.
Shu yilning 4-iyul kuni Prezidentimizning bu mahallaga borishi va nuroniylar, hudud faollari bilan suhbatlashishi mahalla ahli uchun oddiy voqea bo‘lmadi. Bu muloqotda qayd etilgan bir narsa e’tiborga loyiq. Amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar tasodif yoki bir martalik aksiya emas, balki munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan tizimli ishlarning natijasidir. Chunki mahallalarni obod qilish bir kunda bo‘ladigan ish emas. Bu katta siyosiy iroda, tizimli islohotlar mevasidir.
Mahallani davlatning kichik bir ko‘rinishi deyishadi. Bu ibora juda to‘g‘ri, ammo uning ortida yana bir chuqurroq ma’no bor. Mahalla obod bo‘lsa, davlat ham taraqqiy etaveradi. O‘zbekistonda O‘zgarishdek mahallalar juda ko‘p. Ularning har biridagi yangilanish yurtdoshlarimizning hayotiga bevosita ta’sir qiladi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mahallalarimizdagi bunday manzaralar alohida mazmun kasb etadi. Shunda istiqlolning faqat bayram, faqat tarix yoki faqat ulug‘ g‘oya emasligi yaqqol ko‘rinadi. U har bir xonadonda, har bir mahallada namoyon bo‘ladi. Bir otaxon sayr qiladigan tekis yo‘lak ana shu mustaqillikning mevasidek ko‘rinadi. Bolalar xavfsiz o‘ynaydigan maydoncha shu erkinlikning ramziga o‘xshaydi. Mustaqillik ana shunday bir shaklda odamning ko‘zida porlaydi.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV(surat),
O‘zA muxbirlari