Mahallalarda islohotlar yangi bosqichda
O‘rta Chirchiq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida nazarda tutilgan mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tasviriy oyina ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda dastlab Prezidentimiz tashabbusi bilan joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, mahallalarni obodonlashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar aks etgan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Tasviriy oyina ijodiy uyushmasi Boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov so‘zga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar va ularning ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ta’kidlanganidek, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Bugungi kunda mahallani mustahkamlash, uning imkoniyatlarini kengaytirish va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Zero, mahalla – xalq bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin va ishonchli ko‘prikdir.

Tadbir davomida “Mahallaning rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish taraqqiyot hamda farovonlik garovidir” nomli tavsiyalar to‘plamining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur to‘plamda Prezident asarlari, nutqlari va davlat dasturlarida ilgari surilgan ustuvor vazifalar asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ma’naviyatni yuksaltirish, yoshlar tarbiyasi, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga oid fikr va g‘oyalar jamlangan. Shuningdek, unda keltirilgan iqtiboslar, hikmatli so‘zlar va shiorlar jamiyatda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tavsiyalar mahallalar faoliyatida amaliy dastur vazifasini bajarishi qayd etildi.

Toshkent viloyatidagi 800 dan ortiq mahallalarda aholining turmush darajasini oshirish, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joylarda “mahalla yettiligi” faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilib, har bir xonadon bilan manzilli ishlash orqali muammolarni joyida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan imkoniyatlar kengaymoqda.
Ayni paytda mahallalarda obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, ichki yo‘llar ta’mirlanib, piyodalar yo‘laklari barpo etilmoqda, zamonaviy tungi yoritish tizimlari o‘rnatilmoqda. Bu esa aholi uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy sohada ham salmoqli ishlar amalga oshirilib, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar bandligini oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

– Joriy yil boshidan buyon hududlardagi mahallalarni zamonaviy qiyofaga keltirish, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan bezash ishlari amalga oshirilyapti, – deydi Toshkent viloyati Tasviriy oyina ijodiy uyushmasi bo‘lim rahbari Murod G‘ulomov. – Masalan, yaqinda O‘rta Chirchiq tumanining hozirgacha o‘z binosiga ega bo‘lmagan “Uyg‘ur” mahalla fuqarolar yig‘iniga davlat xususiy sherikchiligi asosida yangi bino qurib berilib, foydalanishga topshirildi. Endi “Mahalla yettiligi”ga alohida xonalar va majlislar zaliga ega bo‘lgan bino mahalla aholisiga kompleks xizmat ko‘rsatadi. O‘z navbatida bu kabi mahalla idoralari hududlar uchun har tomonlama namuna bo‘lib, aholi va mehmonlarga o‘zgacha kayfiyat berishi kerak.
Tadbir davomida erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar ham qayd etildi. Bu borada belgilangan yo‘nalishlarda ishlarni yanada kuchaytirish, har bir mahallada aniq va samarali natijalarga erishish zarurligi ta’kidlandi. Muloqotda ishtirok etgan viloyat faollari ham o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, mavjud muammolarni tizimli bartaraf etish va kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olish muhimligini qayd etdi.
A. Musayev, O‘zA