Mahalladagi ijtimoiy xodim yana bir insonni hayotga moslashtirdi
Ijtimoiy xizmat
Mamlakatimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligining mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimi ish boshlagani kam ta’minlangan, yordamga muhtoj va nogironligi bor insonlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning munosib turmush kechirishida muhim omil bo‘lmoqda.

Mahallalarda yashaydigan bu toifadagi insonlarning muammolari keys-menejment asosida o‘rganilib, ularga zarur yordam ko‘rsatilayotgani ehtiyojmand va nogironligi bor yurtdoshlarimizning turmushini o‘nglab olishiga ko‘maklashmoqda. Nafaqat oilalari, balki mahalladoshlariga ham bir olam quvonch ulashmoqda.
Denov tumani So‘fi Olloyor mahallasidagi 2 ming 100 oilada 7 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi. Ularning 158 nafarida nogironligi bor. 432 oila ijtimoiy himoyaga muhtoj. Mahallada “Ijtimoiy yagona reyestr”ga kiritilganlarning 42 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. 7 nafar shaxs “Yakka yolg‘izlar reyestri”da qayd etilgan.

Mahalladagi ijtimoiy xodim Gulzira Qurbonovaning ish boshlaniga shu yil kuzda bir yil bo‘ladi. U ish boshlagan dastlabki oydayoq mahallada uyma-uy yurib, xonadonlarning sharoiti bilan tanishdi. Ehtiyojmand, nogironligi bor, yordamga muhtoj oilalar ruyxatini shakllantirdi. Ko‘ngliga yo‘l topib, manzilli yordam ko‘rsata boshladi.
– Ish boshlanimda to‘rt nafar shaxs “Yakka yolg‘izlar reyestri”da ro‘yxatga olingan edi, – deydi Gulzira Qurbonova. – Ularning yashash sharoitlarini o‘rganib, ijtimoiy hayotga moslashtirish yuzasidan o‘zimga aniq vazifalarni belgilab oldim. Shu asosida harakat qilib, xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydim. Shu yil mart oyida ular reyestrdan chiqarildi.

Gulzira uyma-uy yurish jarayonida yana 7 nafar kishini “Yakka yolg‘izlar reyestri”ga kiritib, tegishli xizmatlardan foydalanishni ta’minladi.
Aslida inson qadrini ulug‘lashga alohida e’tibor bilan yondashilib, yangi jamiyat barpo etilayotgan mamlakatimizda eng xayrli vazifalardan birini mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bajarmoqda. Ularning sa’yi-harakatlari bilan ko‘plab insonlar turmushi o‘nglanib, hayotdan o‘z o‘rnini topmoqda. Gulzira Qurbonova ham mahallada uyma-uy yurib, xatlov o‘tkazayotganida Rustam Azimovning og‘ir turmush sharoitiga tushib qolganini aniqlab, uning ijtimoiy holatida hayotga moslashuvini ta’minladi.

Shu yil 49 yoshga to‘lgan Rustam Azimov mahalladagi Mirsaid Baraka ko‘chasida istiqomat qiladi. Birinchi guruh nogironligi bor. U so‘nggi 11 yilda yolg‘iz yashagan.
– Yolg‘izlik nogironligi bor bu insonni og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushirib qo‘ygan, – deydi mahalla ijtimoiy xodimi. – Tushkunlikka tushib qolgan. Shu bois unga birinchi navbatda psixologik xizmat ko‘rsatib, kognitiv terapiya o‘tkazishni rejalashtirdim. Bu xizmat uni tushkun kayfiyatdan olib chiqdi. U yolg‘iz emasligini his etib, hayotga intilishi kuchaydi.
Ijtimoiy xodim keyingi bosqichda uni “Yakka yolg‘izlar reyestri”ga olib, ijtimoiy assistent biriktirish taklifini ilgari surdi. Bu taklifni tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi qo‘llab-quvvatladi. Yashash uyi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari jalb etilib, tartibga keltirildi. Nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi “Bo‘stonliq” sanatoriysiga yo‘llanma berib, sog‘ligini tiklashga ko‘maklashdi. Ijtimoiy hayotga moslashtirib, harakatlanishi nogironlik aravachisidan hassa tayoqqa o‘tkazildi.
Navbatdagi bosqichda mahalladagi ijtimoiy xodim R.Azimovning etikdo‘zlik, temirchilik kasblarini o‘rganganini aniqlab, yana bir loyihani amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Uning etikdo‘zlik bilan shug‘ullanishi uchun olti million so‘m mablag‘ evaziga mahalladan ixcham xona qurdirib berdi. Qonuniy nikoh asosida oila qurgach, “Yakka yolg‘izlar reyestri”dan chiqarildi.
Gulzira Qurbonova R.Azimovning hayoti o‘zgardi, salomatligi ancha tiklanib, oila qurdi, deya uni e’tibordan chetda qo‘ymadi. Turmush o‘rtog‘i bilan suhbatlashib, uning ham bandligini ta’minlashga ahd qildi. Tikuvchilikka qiziqishi borligini eshitgach, yordam qo‘lini cho‘zdi. Tikuv mashinasi bilan ta’minlashga ko‘maklashdi.
Mahallada og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan yana bir inson hayoti o‘nglanishi o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. Buning uchun mahalladagi fidoyi ijtimoiy xodim yelib, yugurdi. Davlatimiz yaratgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, mehr ko‘rsatdi. Ayni paytda R.Azimovning mahalladoshlari o‘zlari qiziqqan kasbda mehnat qilayotgan yangi oila misolida yurtimizda hech kim e’tibor va g‘amxo‘rliklardan chetda emasligini his etib, yashamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri