Mahalla o‘smirlari musobaqasi
Mahalla o‘smirlari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Futbolimiz kelajagi” an’anaviy respublika turnirining Namangan viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mahalla o‘smirlari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Futbolimiz kelajagi” an’anaviy respublika turnirining Namangan viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamda madaniyat va sport ishlari boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan turnirda 36 jamoa uch yosh toifasida o‘zaro bahslashdi.
– Bunday tadbirlar o‘quvchilarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish, mahallalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Nasriddin Sadriddinov. – Musobaqaga qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda. Bu yil uning quyi bosqichlarida qirq besh ming nafardan ziyod bola ishtirok etdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Birlashgan mahallasining “Istiqlol” jamoasi 9-10 yoshlilar o‘rtasida, Uchqo‘rg‘on tumanidagi O‘ljato‘pi mahallasining “Orzu” jamoasi 11-12 yoshlilar, Namangan shahar Umid mahallasining “Navbahor-Umid” jamoasi 13-14 yoshli bolalar o‘rtasida birinchilikni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar musobaqaning shu yil avgust oyida Namangan shahrida bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.