Mahalla – islohotlar ko‘zgusi
Urganch shahrida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni aholiga yetkazish, ayniqsa, mahallalarda faoliyat yuritayotgan nuroniylarning bu boradagi xabardorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etildi. Unda uyushma Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Asomiddin Mardiyev, shuningdek, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi mas’ullari, mahalla raislari, faol nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, aholi farovonligini ta’minlashda mahalla instituti muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, mahalla raislari, ko‘chaboshilar va faol nuroniylarning tashabbuskorligi va fidoyiligi bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, uchrashuv davomida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, ularning inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilayotgan jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan bu kabi tadbirlar aholi, ayniqsa yoshlar ongida yuksak fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.
– 2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Xorazmda ham joriy yilda mahalla institutini yanada mustahkamlash, fuqarolarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga olib borilmoqda, – deydi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda uyushmasi Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Asomiddin Mardiyev. – Xususan, “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ga kiradigan mahallalarning infrastrukturasini yaxshilash uchun respublika byudjetidan 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgani mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv yakunida qatnashchilar fikr-mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mahalla jamiyatning tayanchi, nuroniylar esa uning bebaho xazinasidir. Bu kabi muloqotlar islohotlarning xalq ichiga yanada chuqurroq kirib borishiga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri