Talabalar tadbirkorlikka oid bilimlarini boyitdi
Andijon yoshlar texnoparkida “Kichik biznesga amaliy qadam – talabalar nigohida” mavzusida amaliy mashg‘ulot hamda talabalarning biznes-loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Andijon yoshlar texnoparki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Andijon davlat texnika instituti professor-o‘qituvchilari, institutning iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti talabalari, samarali ish olib borayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon yoshlar texnoparki direktor o‘rinbosari Arabboy Azimov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, xususan, talaba yoshlarni biznesga jalb etish, bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik borasidagi salohiyatlarini yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.

Tadbirda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, talabalar qanday tartibda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi mumkinligi, samarali ish yuritishi, bu boradagi imtiyoz, imkoniyat, yutuq va muammolar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Andijon davlat texnika instituti professori Akmaljon Ermatov, tajribali mentorlar tomonidan o‘tkazilgan amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda talaba yoshlarga biznes-loyiha tayyorlash, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ma’lumotlar berdi.

Mashg‘ulotda talabalar tadbirkorlik, nazariy bilimlarini real biznes bilan bog‘lash, startap ekotizimi va imkoniyatlar, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirishga oid bilim va tushunchalarini boyitdi.

– Tadbirda o‘zimning “Yoryong‘oq pastasi ishlab chiqarish” deb nomlangan biznes-rejam taqdimotini o‘tkazdim. Ustoz va mutaxassislardan biznes-rejaning yutuq, kamchiliklari haqida bilib oldim. Shuningdek, loyihani yanada boyitish yuzasidan ularning taklif, fikr va mulohazalarini eshitdim. Nasib etsa, kelgusida ushbu loyiha asosida o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yman, – deydi Andijon davlat texnika instituti talabasi Malika Hosilova.
Bu kabi mashg‘ulotlar talaba yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish, innovatsion fikrlashini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni kelajakda biznes faoliyatini olib borishga yaqindan yordam beradi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA.