Mahalla aholisiga tibbiy ko‘mak
Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyatining aholi bilan bevosita muloqotini ta’minlash, ularning tibbiyot sohasiga oid murojaat va takliflarini o‘rganishga qaratilgan sayyor qabuli Do‘stlik tumanida o‘tkazildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Maxmarasul Umarovning navbatdagi sayyor qabuli Saritepa mahallasidagi 11-sonli oilaviy poliklinikada tashkil etildi. Unda mahalla aholisining sog‘lig‘i bilan bog‘liq masalalari, tibbiy xizmat ko‘rsatishga oid muammo va takliflari tinglandi.

Murojaatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi. Aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ijobiy hal etilishi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Sayyor qabul doirasida aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tibbiy tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Viloyat tibbiyot muassasalarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida Saritepa mahallasi aholisi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Ko‘rik jarayonida fuqarolarning salomatlik holati mutaxassislar tomonidan o‘rganildi. Shuningdek, OIV infeksiyasi, virusli gepatit V va S turlarini aniqlash uchun ekspress testlar o‘tkazildi.
Tadbir doirasida beg‘araz qon topshirish aksiyasi ham tashkil etildi. Umuman, qariyb 200 nafarga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ko‘rik natijalari asosida zarur tibbiy tavsiyalar berildi. Fuqarolarga bepul dori-darmonlar yetkazib berildi, ambulator va statsionar davolanish uchun tavsiyalar taqdim etildi.
Shu bilan birga, aholiga kasalliklarning oldini olishda kundalik hayot tarzi, ovqatlanish madaniyati va tibbiy bilimlarning ahamiyati tushuntirildi. Xususan, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga amal qilish va tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.

Bunday sayyor qabul va tibbiy ko‘riklar aholiga tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish, murojaatlarni joyida o‘rganish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika ishlarini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari