Madaniyat va san’at millatning ruhidir
Madaniyat xodimlari kuni munosabati bilan Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida soha xodimlari uchun tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hududdagi madaniyat va san’at sohasi fidoyilari, taniqli san’atkorlar, ijodkor ziyolilar, yosh iste’dodlar hamda soha faxriylari ishtirok etdi. Tadbir avvalida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, madaniyat va san’at sohasi vakillarini samimiy qutladi va ularning jamiyat hayotida nihoyatda muhim o‘rin egallashini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, yurtimizda milliy madaniyatni rivojlantirish, moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, xalq og‘zaki ijodi hamda havaskorlik san’atini qo‘llab-quvvatlash borasida qilinayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Tantanali qismda uzoq yillar davomida samarali mehnat qilayotgan, milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning nufuzini oshirish, boy merosimizni asrab-avaylash va targ‘ib etishga katta hissa qo‘shgan bir guruh soha xodimlari munosib taqdirlandi.


Bundan tashqari Kasaba uyushmalari Toshkent viloyat kengashi tomonidan 50 nafar san’at fidokorlariga Xorazm viloyatiga sayohat yo‘llanmalari topshirildi. Bayram dasturi badiiy chiqishlarga ulanib ketdi. San’at ustalari, folklor jamoalari hamda yosh ijrochilar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va raqslar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.


– Bayram munosabati bilan viloyat hokimi e’tirofiga sazovor bo‘ldim, – deydi Chirchiq shahar 3-son Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Ahror Ulug‘bekov. – Aslida bu mehnat jamoamizning ishiga berilgan bahodir. Mazkur sohada oxirgi yillarda hamkasblarimiz bilan birga samarali ishlarni amalga oshiryapmiz. Ayniqsa, shu yo‘nalishda tahsil olayotgan o‘quvchilarimiz erishayotgan natijalardan quvonamiz. Ular ishonchimizni, mehnatimizni oqlayapti. Ko‘plab chirchiqlik iste’dod egalari mamlakatimizda o‘tkazilayotgan tanlovlarda qatnashib yuqori o‘rinlarga sazovor ko‘rilmoqda. Ishonamanki, kelgusida ham bu sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini beradi.



Milliy va zamonaviy san’at uyg‘unligida tashkil etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
A.Musayev, O‘zA