Bolajonlar orzusi ushaldi
Xovos tumanining “Yettiguzar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi ota-onalar va jajji bolajonlarning uzoq kutilgan orzusi ushaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida hududdagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy talablar asosida kapital ta’mirlanib, to‘liq rekonstruksiya qilindi.

Loyiha uchun 5 milliard 684 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, muassasa binosi tubdan yangilandi hamda bolalar uchun qulay va xavfsiz ta’lim muhiti yaratildi. Qurilish-ta’mirlash ishlari “Sayxun Savdo qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi.

Rekonstruksiya jarayonida binoning barcha qismlari qayta ko‘rib chiqilib, zamonaviy talablarga mos holatga keltirildi. Muassasaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, guruh xonalari yangi mebellar, zamonaviy o‘quv-didaktik vositalar bilan jihozlandi. Shuningdek, hududda bolalar uchun yangi o‘yin maydonchalari va obodonlashtirilgan yashil zonalar barpo etildi.

Endilikda tarbiyalanuvchilar keng, yorug‘ va zamonaviy standartlarga javob beradigan ta’lim muhitida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Muassasa ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi, Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari, nuroniylar, faxriylar hamda ota-onalar ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar Prezident qarori asosida Sirdaryo viloyatida, jumladan chekka hududlarda ham ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ko‘p yillik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar va bu borada davlat rahbariga minnatdorlik bildirdilar.
– Rekonstruksiya jarayonida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalandik. Sifatga alohida e’tibor qaratdik, – deydi “Sayxun Savdo qurilish” MCHJ rahbari Toshpo‘lat Amanov.
– Ilgari maktabgacha ta’lim tashkilotimizda bir qator kamchilik va muammolar mavjud edi. Bu esa bolalar va tarbiyachilar uchun noqulayliklar tug‘dirar edi. Bugungi zamonaviy sharoitlar esa barcha muammolarni bartaraf etdi. Endi vazifamiz — jajji bolajonlarni sifatli tarbiyalash, – deydi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Mo‘’tabar Dushayeva.
Mazkur bunyodkorlik ishlari mamlakatda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan keng qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri