Luis de la Fuente Lamin Yamal va Niko Uilyamsning jarohati haqida maʼlumot berdi
Fuente jarohat sababli jamoaning ikki nafar yetakchi futbolchisi — Lamin Yamal va Niko Uilyams xizmatidan foydalana olmasligini maʼlum qildi.
Ispaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Iroqqa qarshi oʻtkaziladigan oʻrtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Ispaniyaliklar mazkur bahsni 4-iyun kuni Jahon chempionatiga koʻrilayotgan tayyorgarlik doirasida oʻtkazishadi. Luis de la Fuente jarohat sababli jamoaning ikki nafar yetakchi futbolchisi — Lamin Yamal va Niko Uilyams xizmatidan foydalana olmasligini maʼlum qildi.
«Ertangi oʻyinda ularning hech biri maydonga tusha olmaydi. Agar tiklanish jarayoni hozirgidek davom etsa, ular 15-iyun kuni ilk daqiqalardanoq maydonga tushishlari mumkin boʻladi. Biroq bu ularning aniq oʻynashiga kafolat emas — vaziyatga qarab ish tutamiz. Biz ularning holatini har bir bosqichda baholab boramiz», — deya murabbiyning soʻzlarini keltirmoqda «Barca Blaugranes» nashri.
Jahon chempionatining guruh bosqichida Ispaniya terma jamoasi Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalariga qarshi mos ravishda 15, 21 va 27-iyun kunlari maydonga tushadi.