Litva va AQSHda kurash tadbirlari o‘tkazildi
Xabar berganimizdek, sentyabr oyi davomida Tailand, AQSH, Latviya va boshqa mamlakatlarda kurash musobaqalari o‘tkazilishi belgilangan edi.
O‘tgan kunlar davomida Tailandda o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati zo‘r muvaffaqiyat bilan tashkil etilgan bo‘lsa, kuni kecha AQSH hamda Litva mamlakatlarida milliy sportimiz kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirlar o‘z g‘oliblarini aniqladi.
Bu haqda O‘zbekiston kurash federatsiyasi xabar berdi. Vilnyus shahridagi “Sostines Taures” sport majmuasida o‘tgan bellashuvlarda erkaklar mutlaq vaznda, ayollar esa +55 kilogramm og‘irlikda gilamga chiqishdi. 15 ga yaqin davlat polvonlari ishtirok etgan musobaqalarning erkaklar o‘rtasidagi bahslarida polshalik Aleksey Lsenka bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 2 va 3-o‘rinlar esa Polsha, Litva hamda Finlyandiya vakillariga nasib etdi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi kurashlarda litvalik Dala Maykonete hamda Lolita Obalevika barcha raqiblarini mag‘lub etgan tarzda oltin-kumush medallar sohibiga aylangan bo‘lsa, ikki ukrainalik sportchi qizlar keyingi pog‘onalardan joy olishdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tgan kurash tadbirlari milliy sportimizning ummon ortidagi ommaviyligini ta’minlashda yangi zarvaraq ochdi.
Filadelfiyaning “Vels fargo” majmuasida o‘tgan kurash musobaqalarini tomosha qilgan muxlislar, unda qatnashgan sportchi va trenerlar o‘zbek sporti o‘zida bag‘rikenglik, oliyjanoblik xislatlarini mujassam etganligini bahslar jarayonida e’tirof etishdi.

20 ga yaqin davlatning nomdor polvonlari bellashgan musobaqalar yakunida gruziyalik Geori Katsiashvili g‘oliblikni tantana qildi.
Ushbu musobaqa doirasida Filadelfiyadagi “Sity hall” majmuasida O‘zbekiston kurash federatsiyasi va AQSH an’anaviy sport o‘yinlari tashkiloti o‘rtasida o‘zbek kurashini ommalashtirishga doir memorandum imzolandi.
Shuningdek, Nyu-Yorkning Manxetten mavzesidagi “Sentral park”da hamda Los-Andjeles shahridagi Griffits parkida amerikalik hamda ishtirokchi davlatlardan kelgan kurash mutaxassislari uchun mahorat darslari uyushtirildi.
AQSHdagi kurash tadbirlari 16 sentyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA