Litsenziyasiz kripto-aktivlar savdosi bilan shug‘ullangan talaba aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar IIBB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida litsenziyasiz kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi.
U kripto-birja orqali 64,7 ming USDT miqdoridagi aktivlar oldi-sotdisini amalga oshirgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent tumanida yashovchi, 2008-yilda tug‘ilgan fuqaro poytaxtdagi nufuzli davlat oliy ta’lim muassasalaridan birining talabasi hisoblanadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 2025-yil dekabr oyidan 2026-yil oktabriga qadar «Bitget» kripto-birjasi platformasida tegishli litsenziyasiz faoliyat yuritib kelgan. Ushbu davr mobaynida turli tranzaksiyalar orqali jami 64 715 USDT miqdoridagi kripto-aktivlarni oldi-sotdi qilgan.
Bundan tashqari, mazkur shaxs telegram messenjeri orqali xorijiy davlatlarga tegishli 140 ta virtual telefon raqamini sotish bilan ham shug‘ullangan.
Tezkor tadbirlar davomida uning kripto-hamyonida 450 USDT miqdoridagi aktiv mavjudligi ham aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA