O‘zbekistonlik haydovchilar uchun Germaniya mehnat bozoriga yo‘l ochilmoqda
Toshkentda o‘zbekistonlik haydovchilarni Germaniya mehnat bozori talablari asosida tayyorlash va ishga jo‘natish masalasi muhokama qilindi.
Muloqotda haydovchilarni tayyorlash bilan birga, hamshiralik va hunarmandchilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, avtobus va yuk mashinasi haydovchilarini Germaniyaga ishga tayyorlash loyihasi 2025-yil yanvar oyida boshlangan bo‘lib, 85 nafar haydovchi Germaniyaga ishga yuborilgan.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida O‘zbekistonga ikkita zamonaviy avtobus simulyatori, 85 ta planshet va o‘quv adabiyotlari olib kelingan. Kasbiy qayta tayyorlash 20 soatlik simulyator mashg‘ulotlari, “Vatanparvar” bazasidagi 20 soatlik amaliy tayyorgarlik hamda masofaviy nazariy ta’limni qamrab oladi. Nomzodlardan nemis tilini belgilangan darajada bilish va tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.

Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan yana 77 nafar nomzod tanlab olingan. 25-sentabr holatiga ko‘ra, ularning 37 nafari Germaniyada ishlash ruxsatnomasi va vizani rasmiylashtirish jarayonida. Qolgan 40 nafar nomzod esa ikki haftalik simulyator mashg‘ulotlarida qatnashmoqda.
Uchrashuvda haydovchilar tayyorlash tizimini O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha simulyatorlar olib kelish, “SBH WEST”ning O‘zbekistonda vakolatxonasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Hamkorlik doirasida hamshiralik va hunarmandchilik sohalarida kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
D.HAKIMOV,
O‘zA