Lalmi yerlarda yaratilgan yangi imkoniyatlar
Global iqlim o‘zgarishi hamda suv resurslari taqchilligi qishloq xo‘jaligida mutlaqo yangi yondashuvlarni taqozo etmoqda. Ana shunday sharoitda BMB Holding tizimiga qarashli BMB Gardens korxonasi Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi suv ta’minoti cheklangan, uzoq yillar foydalanilmay kelgan lalmi yerlarni zamonaviy agrotexnologiyalar asosida o‘zlashtirish ishlarini izchil amalga oshirmoqda.
Tumanning “Chayanli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga tayangan holda yirik intensiv bog‘ barpo etilmoqda. Loyiha doirasida avval xo‘jalik aylanmasiga jalb etilmagan yer maydonlari bosqichma-bosqich o‘zlashtirilib, zamonaviy sanoat bog‘dorchiligi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda. Bu esa hududda agrar sohani yanada rivojlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanish va yuqori qiymatli mahsulot yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri xorijdan olib kelingan hamda laboratoriya sharoitida in vitro texnologiyasi asosida yetishtirilgan, eksportbop baterma navli gilos, olcha ko‘chatlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirib ekilayotganidir. Ushbu ko‘chatlar kasalliklarga chidamliligi, qisqa muddatda hosilga kirishi hamda lalmi yerlarda yaxshi rivojlanish xususiyati bilan ajralib turadi.

Suv tanqisligi kuzatiladigan hududlarda yuqori samaradorlikka erishish maqsadida to‘liq avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Mazkur texnologiya suvdan tejamkorlik bilan foydalanish barobarida ozuqa elementlarini bevosita ko‘chat ildiziga yetkazib beradi. Bu esa tuproq eroziyasining oldini olish, yosh nihollarning barqaror o‘sishi va noqulay iqlim sharoitida ham ularning sog‘lom rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur tashabbus to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, katta hajmda eksportbop mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, loyiha ijtimoiy ahamiyati bilan ham e’tiborga molik. Zero, yangi bog‘lar barpo etilishi mahalliy aholi uchun ko‘plab doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilishiga zamin hozirlamoqda.

Lalmi maydonlarni innovatsion yechimlar asosida samarali o‘zlashtirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash va eksportbop bog‘dorchilikni rivojlantirishga qaratilgan bunday loyihalar mamlakatimiz agrar sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasini yana bir bor namoyon etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri