Kutilgan tayinlov: Antonio Konte – “Inter” bosh murabbiyi
Milanning “Inter” klubi rasmiy saytida bugun jamoaning yangi bosh murabbiyi etib italiyalik taniqli mutaxassis Antonio Konte tayinlangani haqidagi xabarni e’lon qildi.
Milanning “Inter” klubi rasmiy saytida bugun jamoaning yangi bosh murabbiyi etib italiyalik taniqli mutaxassis Antonio Konte tayinlangani haqidagi xabarni e’lon qildi.
Aslida Kontening “neradzurrilar” boshqaruvini qo‘lga olishi haqida anchadan beri gap-so‘z yurgandi. Nihoyat kutilgan voqea sodir bo‘ldi. “Inter” Luchano Spaletti boshqaruvida ikki yil davomida aytarli yuksalishga erishmadi.
Joriy mavsumda klub bironta ham sovringa ega chiqolmadi. ChLning guruh bosqichida 3-o‘rinni egallagan “ko‘k-qoralar” Yevropa ligasida o‘z yurishini nimchorak finaldayoq to‘xtatdi. Italiya A Seriyasida atigi 4-o‘rin va mamlakat kubogida chorak final bosqichi – bu “Inter”dek yuksak salohiyatga ega jamoa uchun yarashmaydigan holat. Shu sababli ham klub rahbariyati bosh murabbiy Luchano Spaletti bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildi va uning o‘rniga darhol Antonio Konte tayinlandi.
Ushbu mutaxassisning Italiyada hurmati juda baland. Chunki aynan u “kalchopoli” mojarosidan keyin o‘z mavqeini boy bergan “Yuventus”ni yangi darajaga olib chiqdi. JCh-2014da o‘ta omadsiz qatnashgan Italiya terma jamoasida ham inqilobni amalga oshirdi – Yevro-2016da “Skuadra adzurra” guruh bosqichida Belgiya, pley-offda esa Ispaniya kabi grandlarni dog‘da qoldirib, yarim final yo‘lida “nemis mashinasi”ga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi.
Italiya OAV ma’lum qilishicha, Konte hamda “neradzurrilar” o‘rtasidagi bitim 2022 yilning yoziga qadar imzolangan. “Inter”ning yangi ustozi o‘z jamoasida ikki futbolchi, ayni vaqtda “Manchester Yunayted” safida to‘p tepayotgan belgiyalik hujumchi Romelu Lukaku hamda “Chelsi” a’zosi, so‘nggi mavsumni ijara asosida “Fenerbaxche” klubida o‘tkazgan nigeriyalik yarim himoyachi Viktor Mozesni ko‘rish istagida ekanligini bildirgan.