Kubok uchun bahs boshlandi
Poytaxtimizda Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab turli vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kubogi uchun musobaqa boshlandi.
Poytaxtimizda Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab turli vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kubogi uchun musobaqa boshlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, bu orqali xodimlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan turnirda 13 vazirlik va idora, 7 jamoat tashkiloti xodimlaridan iborat jamoalar bahslashmoqda.
Musobaqa ochilishida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi T.Norboyeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va bu borada yaratilayotgan keng imkoniyatlar aholining barcha qatlamini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ayniqsa, yoshlarning qiziqishini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ham bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish bilan birga, mehnat jamoalarida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu, o‘z navbatida ishchi-xizmatchilarni kasb kasalliklaridan muhofaza qilish, foydali ish koeffitsenti va ishlab chiqarish unumdorligini oshirish imkonini bermoqda.
Mehnat jamoalarida maxsus tavsiyalar asosida tashkil etilayotgan xodimlar gimnastikasining yo‘lga qo‘yilishi natijasida hozirgi kunda mamlakat miqyosida 30473 korxona, tashkilot va muassasada 3 milliondan ortiq mehnatkash ishlab chiqarishdan ajralmagan holda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanmoqda.
Shuningdek, turli soha vakillari o‘rtasida «Kasaba-tur» velomarafoni, «Sog‘lom turmush sari» shiori ostidagi tarmoqlararo spartakiadalar, «Sog‘lom oila», «Biz sportchilar oilasi» kabi oilaviy musobaqalar muntazam o‘tkazib kelinayotir. Ularda har yili 4 millionga yaqin ishchi-xodim ishtirok etmoqda.
Mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kubogi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilishi shubhasiz. Musobaqada o‘z guruhida eng kuchli, deb topilgan ikki jamoa pley-off bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Turnir g‘oliblari 22-avgust kuni aniqlanadi.