Kubada yonilg‘i tugadi
Mamlakat energetika va konchilik vaziri Visente de la O Levi “Mesa Redonda” teledasturida ma’lum qilishicha, Kubada yonilg‘i zaxirasi butunlay tugab qolgan.
– Bizda yonilg‘i moyi mutlaqo yo‘q, dizel yonilg‘isi ham butunlay tamom bo‘ldi, – dedi vazir. – Faqat mamlakat hududidagi konlardan chiqadigan yo‘ldosh gaz va ishlab chiqarish o‘sib borayotgan mahalliy xom neft bor.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat dekabr oyidan beri yonilg‘i ta’minotini olmagan. Yagona muhim yuk, Rossiyadan xayriya shaklida yuborilgan taxminan 100 000 tonna neft orolga qariyb 4 oylik tanaffusdan so‘ng yetib keldi. Bu miqdor uzilishni vaqtincha kamaytirish imkonini berdi.
– Shu zaxirani may oyi boshigacha yetkazdik, keyin yonilg‘i tugadi, – deya tushuntirdi O Levi.
Amaldor energiya ehtiyoji bir martalik ta’minot bilan o‘lchanmasligi zarurligini ta’kidladi. U Gavanada kuniga 20-22 soatlik elektr uzilishi bilan bog‘liq juda og‘ir vaziyatni tan oldi.
Mulozim qo‘shimcha qilishicha, hozir mamlakat energetika tizimi faqat issiqlik elektr stansiyalari, gaz turbinalari va quyosh elektr stansiyalari orqali ishlayapti, zaxira quvvati yo‘q. Bundan tashqari mahalliy neft va gaz ishlab chiqarish ichki talabning faqat bir qisminigina qoplaydi.
29-yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Kubaga neft yetkazib beruvchi mamlakatlardan import qilinadigan tarifni tasdiqlovchi farmonni imzolagan. Shuningdek, Gavanadan milliy xavfsizlikka nisbatan tahdid tufayli favqulodda holat e’lon qilgan.
Orol hukumati Qo‘shma Shtatlar energetika qamali orqali mamlakat iqtisodiyotini bo‘g‘ish va odamlarning yashash sharoitini chidab bo‘lmas holga keltirishga harakat qilayotganini da’vo qilmoqda.
S.Rahimov, O‘zA