Korrupsiyaga qarshi yangi qonun mas’uliyat va nazoratni kuchaytiradi
Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, qonun ustuvorligi va fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan illatlardan biri. Shu bois mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish hamda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar talablaridan kelib chiqqan holda ularning ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar O‘simliklar karantini boshqarmasida navbatdagi targ‘ibot-seminar tadbiri tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni mazmun-mohiyati, unda belgilangan yangi talab va vazifalar tizim xodimlariga atroflicha tushuntirildi.
Seminar davomida yangi qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga kiritilgan muhim o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestrini yuritish, komplayens va ichki nazorat tizimlarining huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning yagona tizimini shakllantirishga qaratilgan yangi normalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki mas’ul tuzilmalarning vazifasi emasligi, balki har bir rahbar va xodimning o‘z xizmat vazifasiga halol va vijdonan yondashishi bilan chambarchas bog‘liq ekani ta’kidlandi. Shuningdek, tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanmaslik, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Xodimlarga korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga shart-sharoit yaratishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslik va qonun talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida Toshkent shahar O‘simliklar karantini boshqarmasi tizimida korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik va targ‘ibot-tashviqot ishlari ham muhokama qilindi.

Seminarda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish, xizmat vazifalarini bajarishda halollik va xolislik tamoyillariga amal qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish har bir xodimning kundalik faoliyatida ustuvor vazifa bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Mazkur yo‘nalishdagi seminar va targ‘ibot tadbirlari tasdiqlangan grafik asosida poytaxtimizning barcha tumanlarida davom ettirilishi belgilangan. Bu esa tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, xodimlarning huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi samarali profilaktik muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA