Korrupsiyaga qarshi kurashda advokatlarning kasbiy mas’uliyati oshirildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida advokatlar guruhi tinglovchilari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari” mavzusida o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarining bosh maqsadi — qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlarini ishonchli himoya qilishdan iborat. Bu borada jamiyatda adolat mezonini o‘rnatuvchi muhim institut hisoblangan advokatura sohasini tubdan takomillashtirish va uning mustaqilligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, tizimda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda advokatlarning sohaga oid huquqiy bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish davr talabiga aylandi.
Bu kabi chora-tadbirlar fuqarolarning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda advokatlarning rolini oshirish va sohada shaffoflikni qaror toptirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda tashkil etilgan mashg‘ulotlarda korrupsiyaning oldini olish, jamiyatda unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda qonuniylik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari yuzasidan tushunchalar berildi.

Qayd etilganidek, advokatlarning ushbu yo‘nalishdagi bilimlarini mustahkamlash fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga, kasbiy faoliyatda halollik va odob-axloq tamoyillariga rioya etishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA