Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxsga qo‘llanilmasligi belgilandi.
Davlat organlari va tashkilotlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiya darajasini aniqlash va uni minimallashtirish maqsadida korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi.
Korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik natijasida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish qonunda belgilangan tartibda, vakolatli davlat organining, manfaatdor shaxsning arizasiga asosan sud tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zi mehnat faoliyatini olib borayotgan davlat organida korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmasdan 2 yil davomida intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi.
Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran 3 ish kuni ichida reyestrga shaxs haqidagi ma’lumotlarni kiritadi.
Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Elektron reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA