Korrupsiya: nega ayrim vazirlik va idoralar yildan-yilga qizil toifaga tushib qolyapti?
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi.
Zuhra Mirg‘oziyeva,
deputat:
– Ma’lumki, O‘zbekiston bo‘yicha korrupsiyani qabul qilish indeksi to‘qqizta mustaqil xalqaro manbalar ma’lumotlariga tayanib, shakllantiriladi. 2025-yilgi baholash natijalariga ko‘ra, ushbu manbalarning 8 tasi O‘zbekistonni baholadi va o‘tgan yilga nisbatan o‘zgarishsiz qoldirdi, bitta manba baholamadi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishlarning samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra, mana shu baholashda ishtirok etgan 128 ta davlat tashkilotlaridan 10 tasi qoniqarsiz baholandi. Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida olib borilayotgan shuncha ishlarga qaramasdan, ayrim sohalar, ayrim vazirlik va idoralar yildan-yilga qizil toifaga tushib qolyapti. Aytingchi, bu yo‘nalishda agentlik aniq manzilli yo‘l xaritalari ishlab chiqqanmi? Qizil toifaga tushib qolayotgan vazirlik va idoralar bilan ishlash, umuman, mana shu reyting talablariga javob bermayotgan idoralarning holatini yaxshilash bo‘yicha qanday choralar belgilangan?
Akmal Burhonov,
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori:
– Milliy reytinglarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, to‘rtinchi yildirki, biz korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini baholash reytingi, davlat idoralari va tashkilotlar hamda ochiqlik reytingini yuritib boramiz. Yashil toifada baholanganlarning tajribasini keng targ‘ib qilish, ularni rag‘batlantirish, sariq toifada baholanganlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, yashilga chiqarishga, qizil toifada baholanganlarni esa Korrupsiyaga qarshi kurash milliy kengashida ularning rahbarlari axborotini eshitib, yaxshilash bo‘yicha maxsus, alohida chora-tadbirlar dasturini belgilash ko‘zda tutilgan. Mana shu indeks reytinglari o‘tgan yilgi bilan solishtirilganda, yashil toifadagilar ko‘paygan. Sariq toifadagilar yashilga chiqqan, qizil toifadagilar sariqqa chiqqanini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, yaxshilanish tendensiyasi bor. Lekin ayrim vazirlik va idoralar borki, hali ham korrupsiyaga qarshi kurash ishlari samaradorligi yetarli emas. Muntazam ravishda qizil toifada qolayotgan vazirlik, idoralar yoki mahalliy hokimliklar ham mavjud. Bu bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini belgilayapmiz. Shu bilan birga, birinchi rahbar mas’uliyatini oshirish, javobgarligini belgilash bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz. Ya’ni, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yetarli chora ko‘rmagan vazirlik, idora rahbarining siyosiy javobgarligini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilyapti.
Muhtarama Komilova, O‘zA