Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi: ekologik ekspertiza masalalari xalqaro mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi
Yangi Toshkent xalqaro aeroportini barpo etish loyihasida ekologik xavfsizlik va xalqaro standartlarga muvofiqlik ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Davlat ekologik ekspertizasi markazida O‘zbekiston, Yaponiya va Koreya Respublikasi mutaxassislari ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazilib, loyihaning atrof-muhitga ta’sirini baholash hamda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tartiblari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda Davlat ekologik ekspertizasi markazi rahbariyati va mutaxassislari, “UzAirports” AJ vakillari, shuningdek, Yaponiya hamda Koreya Respublikasining kompaniya va tashkilotlari mutaxassislari qatnashdi.
Muloqot davomida atrof-muhitga ta’sirni baholash (AMTB) hujjatlarini tayyorlash jarayoni, ularni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishning milliy tartib-taomillari, xalqaro ekologik va ijtimoiy talablar hamda loyihani amalga oshirishdagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ekologik va ijtimoiy boshqaruv tizimini xalqaro moliya institutlari talablari asosida takomillashtirish, loyiha hujjatlarini xalqaro me’yorlarga muvofiq ishlab chiqish, davlat ekologik ekspertizasi jarayonlarini yanada samarali tashkil etish va manfaatdor tomonlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishida ekologik xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy ekologik va ijtimoiy talablarni to‘liq joriy etish hamda strategik ahamiyatga ega mazkur loyihani xalqaro standartlar asosida amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
M uhayyo Toshqorayeva, O‘zA