Koreyaning "aqlli" issiqxonalari O‘zbekiston yashillik olamini boyitadi
O‘zbekiston yashillik darajasini oshirishda zamonaviy texnologiyaga tayanmoqda. Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi "aqlli issiqxonalar" mamlakat o‘rmonlarini ko‘paytirishga hissa qo‘shadi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘rmonlarni barpo etish va tiklash, yashil maydonlarni kengaytirish, cho‘llanishning oldini olish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 mln tup daraxt ekish orqali 2030-yilga qadar respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda., 2026-yil yakuniga qadar respublikada yashil maydonlarni kengaytirish orqali yashillik darajasini 14.2 foizdan 15.8 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Albatta, ushbu maqsadlarni amalga oshirishda o‘rmon xo‘jaligi sohasiga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni keng jalb qilish, zamonaviy ko‘chatxonalar barpo etish eng samarali yo‘l hisoblanadi. Janubiy Koreya Respublikasining KOISA kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent ko‘chatchilikka ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida tashkil etilayotgan zamonaviy “aqlli” issiqxona ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. 7 gektar maydonda barpo etilgan ushbu 14 ta smart issiqxonada yirik hajmli va yopiq ildizli ko‘chatlar maxsus konteynerlarda yetishtirilmoqda.

- Jamoamiz bir necha yildan buyon O‘zbekistonda ko‘chat yetishtirish, ularni tog‘li hududlarga olib borib ekish jarayonlarini kuzatib kelmoqda, deydi loyiha bosh muhandisi Janubiy Koreyalik doktor Li Dok So. - Shu vaqt davomida biz bir narsani chuqur angladik: ko‘chat yetishtirish, uni tog‘ yonbag‘irlariga ekish, ekilgan daraxtlarni saqlab qolish va oxir-oqibat yaxshi o‘rmon barpo etish — bu aslo oson ish emas. Shu sababli jamoamiz bu ishni qanday qilib samarali amalga oshirish mumkinligi haqida doimiy ravishda izlanib keladi. Buning uchun so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonning madaniyati, tabiiy sharoiti va atrof-muhit xususiyatlarini o‘rgandik. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida kam xarajat bilan sifatli ko‘chat yetishtirish va tog‘li hududlarga ekilgan daraxtlarning yaxshi unib ketishini ta’minlash yo‘llarini tadqiq qilib keldik.

Aslida, ushbu tizim dastlab Koreyada rejalashtirilib, sinov tariqasida ishlab chiqildi. Shundan so‘ng u O‘zbekistonga olib kelinib, shu yerda o‘rnatildi. Hozir ham O‘zbekiston sharoitiga eng mos ko‘chat yetishtirish usullarini topish uchun sa’y-harakatlar olib bormoqdamiz. Ishonamizki, loyiha 2028-yilda yakunlanganida, ushbu tizimni O‘zbekiston sharoitiga mos va amalda samarali texnologiya sifatida ishonch bilan topshira olamiz. Bu yerda turli xil zamonaviy inshoot va uskunalar mavjud. Ya’ni, ko‘chat yetishtirish sohasi rivojlangan davlatlarda qo‘llaniladigan tizimlar ham joriy etilgan. Biroq ish faqat zamonaviy inshootlar bilan cheklanib qolmaydi. Ya’ni, ushbu loyihada ilg‘or ko‘chat yetishtirish tizimlari bilan birga, O‘zbekiston sharoitiga mos usullarni ham uyg‘unlashtirib qo‘llayapmiz. Bizning asosiy istagimiz shuki, bu yerda yog‘ingarchilik kam va daraxt ekish uchun sharoit unchalik qulay bo‘lmasa-da, O‘zbekiston o‘rmonlari tobora yashillashib borsin.

Loyihaning umumiy qiymati 7.5 million AQSH dollari bo‘lib, ushbu issiqxonalar majmui kelgusi oktabr oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Koreyalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamonaviy usullarda ko‘chatlar yetishtiriladigan ushbu smart issiqxonalar bir qancha afzalliklarga ega. Birinchidan, bu yerda ilg‘or texnologik uskunalar yordamida suv sezilarli darajada tejaladi. Nihollar yerda emas, maxsus tuvaklarda yetishtirilishi hisobiga o‘rtacha 1 yilda ekish uchun tayyor bo‘ladi.

Avtomatik boshqaruv hisobiga qo‘l mehnati kamayadi. Barcha jarayonlar maxsus dastur ko‘magida bajariladi va pirovardida ko‘chatlarning sifatli rivojlanishiga erishiladi. Asosiysi, bunday sharoitlarda maxsus konteynerlarda yetishtirilgan ko‘chatlarni tog‘li hududlarga yetkazish, ekish ancha oson va ayni jihatlar ham xarajatlar kamayishiga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA