Koreya bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Koreya Respublikasining Sun Moon universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha dekani Choi Jae Sung bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda institut rahbariyati va tegishli mas’ullar ishtirok etib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro ta’lim loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro aloqalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Ta’kidlash joiz, ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilning 13-16-sentabr kunlari Prezidentimizning ushbu mamlakatga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida tarixiy kelishuvlarga erishilgan edi.
Uchrashuvda mana shunday oliy darajadagi aloqalar natijasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, jumladan, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Muloqot davomida sun’iy intellekt, IT, ekologiya va tabiiy resurslar yo‘nalishida “2+2” dasturini yo‘lga qo‘yish, koreys tilini o‘qitishni takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, birgalikda xalqaro grantlar va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar institutda tashkil etilgan “Koreya burchagi”, shuningdek, Ajiniyoz muzeyi bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri