Ko‘p millatli ahil oilamiz
Bugungi kunda yurtimizda turli millat va elatlar vakillari o‘zaro hamjihatlikda, do‘st va inoq holda yashab kelmoqdalar. Ular o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanib, barcha millatlarning urf-odatlari va asriy qadriyatlari e’zozlanmoqda.
Ayni paytda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda 40 ga yaqin turli millat va elat vakillari faoliyat olib bormoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yuragi hisoblangan 2-sonli gidrometallurgiya zavodi (GMZ) nafaqat ulkan ishlab chiqarish quvvati, balki o‘zining bag‘rikeng va ahil jamoasi bilan ham ajralib turadi. Bu yerda turli millat vakillari bir oila farzandlaridek, yelkadosh bo‘lib mehnat qilib kelmoqda.

Natalya Sim – Ma’muriy-xo‘jalik bo‘limi (devonxona) katta inspektori:
– Men uchun 2-sonli GMZ shunchaki ish joyi emas, bu mening ikkinchi oilam. 2008-yildan buyon shu zavodda faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, har bir tongda ishga katta xursandchilik bilan kelaman. Mening millatim koreys bo‘lsa-da, shu yerda tug‘ilib o‘sganman va o‘zimni hech qachon begona his qilmaganman. Zavodimizda o‘zbek, koreys, qozoq, tatar, rus va boshqa ko‘plab millat vakillari bir yoqadan bosh chiqarib ishlaydi. Biz nafaqat ishda, balki bayramlarda ham birgamiz. Navro‘z bo‘ladimi, yangi yilmi yoki milliy bayramlarimiz – barchasini bir dasturxon atrofida, birgalikda nishonlaymiz. Bir-birimizning madaniyatimiz va urf-odatlarimizni chuqur hurmat qilamiz. Bizning devonxona zavodning barcha bo‘g‘inlari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun, men hamkasblarimizning o‘zaro hurmatini har daqiqada his qilaman. Uzoq yillar davomida bir joyda ishlashning siri esa jamoamizdagi samimiylik va har bir xodimga bo‘lgan yuksak e’tibordir.

Rufina Boyko – Kadrlar bo‘limi boshlig‘i:
– Men tatar millatiga mansubman va faoliyatim davomida ko‘plab jamoalar bilan ishlaganman. Kombinat tizimida, ayniqsa, 2-sonli GMZda shakllangan do‘stlik muhiti tahsinga loyiq. Garchi mazkur zavodga 2024-yilda kadrlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib kelgan bo‘lsam-da, mening butun mehnat faoliyatim – 20 yildan ortiq vaqtim aynan Markaziy kon boshqarmasi bilan bog‘liq. Shuning uchun bu muhit menga juda qadrdon. Kadrlar bo‘limi rahbari sifatida shuni ishonch bilan ayta olamanki, jamoamiz o‘zining mustahkam an’analariga ega. Bu yerdagi ahillik, xodimlarning bir-birini qo‘llab-quvvatlashi va professional yondashuv har qanday yangi xodimni tezda jamoaga singib ketishiga zamin yaratadi. Uzoq yillik faoliyatim davomida bunday jipslashgan jamoani kam uchratganman.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri