Arnasoyda paxta terimi qizg‘in
Jizzax vohasining Arnasoy tumani dalalarida kuzning har bir kuni hosil taqdiriga daxldor. Paxtazorlarda pishib yetilgan “oq oltin”ni qisqa muddatda, sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ib olish uchun daladagi harakat tobora jadallashmoqda. Bu yilgi terim zamonaviy agrotexnologiya va texnika imkoniyatlarining amaliy natijasini ham namoyon etmoqda.
2026-yilda Arnasoy tumanida 284 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 7200 gektar maydonga paxta ekish rejalashtirilib, 34 ming 470 tonna shartnomaviy reja belgilangan. Shundan 3652 gektariga “Shinjon” usulida Xitoyning Xin Lu Zao-57 (“Xitoy-57”), XingluZao-72, Hongtai-6636 va Xin Lu Zhong-52 navlari ekilgan. Bundan tashqari, 7200 gektar maydon to‘liq xorijiy nav qo‘shqator usulida yetishtirildi.
Hosilni qisqa muddatda yig‘ib-terib olish uchun mavsumga 30 ta paxta terish mashinasi, 269 ta paxta tashish texnikasi hamda 10 ta maxsus yuklagich texnikasi jalb etilgan. Paxta xom ashyosini qabul qilish va qayta ishlash uchun tumanda 1 ta paxta qabul qilish zavodi hamda 3 ta paxta qabul qilish maskani faoliyat ko‘rsatmoqda.
Dalada asosiy e’tibor texnika va transport vositalarining uzluksiz harakati, paxtani qabul maskanlariga o‘z vaqtida yetkazish, yong‘in va yo‘l harakati xavfsizligi, tibbiy xizmat hamda dispetcherlik nazoratiga qaratilgan.
Arnasoy tumani hokimi Odil Musanovning ta’kidlashicha, joriy mavsumda paxtachilikda an’anaviy yondashuvdan voz kechilib, yangi usullar keng joriy etilmoqda.
– Bugun Arnasoy tumanida 7200 gektar joyga jizzaxcha qo‘shqator usulida paxta ekilgan. Viloyatimiz hokimi: “Har yili an’analardan qochaylik-da, bir yangilik kiritaylik paxtachilik sohasiga”, dedi. Shu sababli tumanimizda to‘liq qo‘shqator 76 sxemaga o‘tildi, — deydi Odil Musanov.
Suv tejovchi texnologiyalarga ham alohida urg‘u berilgan. 7200 gektarning 4 ming gektariga yaqin maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.
– Paxta maydonlarimiz terimga tayyor. Fermerlarimizning ham kayfiyati yaxshi. Joriy mavsum uchun fermerlarimiz 56 milliard so‘m imtiyozli kredit oldi. Hisob-kitob qildik, tumanimizda bu yil 200 milliardga yaqin daromad fermerlarda to‘liq qolyapti, – davom etadi tuman hokimi.
[gallery-31570]
Arnasoyda Jizzax usulidagi tomchilatib sug‘orish texnologiyasining yana bir muhim jihati – paxtani plyonkasiz, ochiq maydonda yetishtirish imkoni. Hokimning qayd etishicha, bu usul “Shinjon” usulidan shu jihati bilan farq qiladi.
– Shinjon usulida plyonka bilan ekiladi, Jizzax usulida esa ochiq maydonga, plyonkasiz ekilyapti. Bugungi kunda xitoylik hamkorlarimiz ham bu usulning yerni plyonka qoldiqlari bilan iflos qilmasligi, undan uzoq muddat samarali foydalanish imkoni va hosildorligini alohida e’tirof etyapti. Hosildorlik ham tomchilatib, plyonka usulida ekish va Shinjon usulidagi natijalarga yaqin, – deydi Odil Musanov.
Natija raqamlarda ham ko‘rinadi. Uch-to‘rt yil avval tumanda o‘rtacha hosildorlik 10–11 sentner atrofida bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili 40 sentnerga yaqinlashgan. Joriy mavsumda esa o‘rtacha hosildorlikni 50 sentnerga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Tumanda xorijiy investitsiya ishtirokida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni qayta o‘zlashtirishga ham e’tibor kuchaygan. “Boshiran” kompaniyasi qariyb 3 ming gektar yerni o‘zlashtirib, qishloq xo‘jaligi oborotiga qaytardi.
– Hozir siz bilan ko‘rib turgan dalamizdan o‘tgan yili ham umuman hech narsa olinmagan. Qariyb oxirgi 10 yilda bu yerlardan daromad ko‘rilmagan. Undan oldin ham suv bir kelib,bir kelmasligi hisobiga olingan kreditlar ham o‘zini oqlamagan, – deydi tuman hokimi.
Bugun esa ana shu maydonlarda paxta terimi qizg‘in. “Boshiran” kompaniyasi ish boshqaruvchisi Saydazim Qo‘qonovning aytishicha, kompaniya Arnasoyda aprel oyida 2500 gektar yerga chigit qadagan.
– Mana, bugun paxtalarimiz pishib yetildi. Bu paxta eng zamonaviy usulda – Sinszyan usulida, tomchilatib sug‘orish va plyonka ostida ekilgan edi. Yog‘in-sochinga qoldirmasdan terim ishlari olib borilyapti. “Boshiran” kompaniyasining eng zamonaviy texnikasi bilan paxtani rulon qilib terish yo‘lga qo‘yildi. Rulonning namligi, iflosligi va kilogrammigacha aniq aytilib, yoniga muhr bosib ketilyapti, – deydi Saydazim Qo‘qonov.
Kompaniya maydonlarida ayrim joylarda gektaridan 80, 85 va 90 sentnerdan yuqori hosil olinmoqda.
– Xudo xohlasa, 10-15 kun ichida terimni yakunlashga texnika va imkoniyatlarimiz yetarli, – deydi kompaniya ish boshqaruvchisi.
– Bu yerlar ilgari suv yetmagan, yillar davomida foydalanilmay yotgan maydonlar edi. Bu yil birinchi marta foydalanib, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgani evaziga mana shunday yuqori hosil olmoqdamiz, – deydi Saydazim Qo‘qonov.
Endilikda “Boshiran”ning rejalari hosilni yig‘ish bilan cheklanmaydi. 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan loyihalar doirasida tomchilatib sug‘orish uskunalari va ehtiyot qismlarini Arnasoyning o‘zida ishlab chiqarish, shuningdek, paxtani qayta ishlab, ip-kalavagacha yetkazadigan zamon talabidagi zavod qurish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Terimning mexanizatsiyalashgan usulda tashkil etilayotgani fermer uchun vaqt va xarajat nuqtai nazaridan ham muhim.
Arnasoyda bu yilgi paxta mavsumining yana bir muhim jihati – kredit majburiyatlarining bajarilishi. Tuman imtiyozli kreditlarni respublikada eng oldingi qatorda yopgan. Jizzax viloyatida ham g‘alla imtiyozli kreditidan bir so‘m qarzdorlik qolmagan.
– Bu, albatta, qishloq xo‘jaligimizda daromad yuqoriligidan. G‘allachilikda ham xuddi shunday bo‘ldi. Paxtachilikda fermerlar hammasini tahlil qilib ko‘rdi. Xudo xohlasa, bu yil Arnasoy tumanida paxtadan ham bir so‘m imtiyozli kredit qolmaydi. Umuman, 200 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad fermer xo‘jaliklarimiz hisobida qolyapti, – deydi Odil Musanov.
Daladagi bugungi harakatlar ortida bir necha yillik mehnat, yangi texnologiya va iqtisodiy yondashuv mujassam. Zamonaviy terim mashinalari paxtani ro‘lon-ro‘lon yig‘ib borayotgan bo‘lsa, qabul maskanlarida xomashyoni sifatli qabul qilish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.
Asosiy maqsad – 34 ming 470 tonna shartnomaviy rejani o‘z vaqtida bajarish, hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish va qabul maskanlariga sifatli yetkazib berish.
Arnasoy dalalarida terim qizg‘in. Oq oltinni tez va sifatli yig‘ib olish bilan birga, yillar davomida suvsiz va ishlatilmay yotgan maydonlarni yana daromad manbaiga aylantirish tajribasi ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari