Konstitutsiya ustuvorligi va odil sudlovni ta’minlashga qaratilgan qonunlar takomillashtirilmoqda
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida fuqarolar hamda yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash va intellektual mulkni himoya qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
“Fuqarolarning va yuridik shaxslarning huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan himoya qilinishi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qator tuzatishlar kiritilmoqda.
Jumladan, muayyan ishda qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas, deb topilgan taqdirda, ushbu sud hujjatini qayta ko‘rib chiqishning aniq huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat yuborilganda ish yuritishni to‘xtatib turish tartibi mustahkamlanmoqda.

Bundan tashqari, “Intellektual mulk ob’ektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasi oshirilishi va patent vakillarining huquqlari kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Qonunda intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ixtirolar, seleksiya yutuqlari va tovar belgilarining garovi to‘g‘risidagi shartnomalarni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazish, sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarda patent vakillarining sudlarda ishtirok etishi, shuningdek, intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi yoki qiymatining kamayishi bilan bog‘liq normalar nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlaganidek, ushbu qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizda Konstitutsiya ustuvorligi va odil sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA