Konimexning faol tadbirkori
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Navoiy viloyati Konimex tumanida faoliyat yuritayotgan “Kanimex-Max-Drive” xususiy korxonasi ham bu borada muayyan natijalarga erishib kelmoqda.
Korxona rahbari Yerjan Tashbenbetov boshchiligida chakana savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish va xususiy maktabgacha ta’lim yo‘nalishlarida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda korxonada 30 nafardan ziyod kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Tuman markazida barpo etilgan ikki qavatli zamonaviy savdo majmuasi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi maskanlardan biriga aylangan. Majmuaning birinchi qavatida supermarket, ikkinchi qavatida esa bolalar o‘yingohi va umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.
[gallery-30763]
So‘nggi uch yilda korxona iqtisodiy ko‘rsatkichlarini barqaror oshirib, daromadlarini ko‘paytirdi. Bu tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etish va bozor talablarini inobatga olish samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tadbirkor ijtimoiy mas’uliyatni ham o‘z faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri deb biladi. Jumladan, har chorakda va bayramlar arafasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning bandligini ta’minlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan uchrashuv va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham muntazam tashkil etilmoqda. Shuningdek, tadbirkor kelgusida viloyatning boshqa hududlarida yangi filiallar tashkil etish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Mehnat va tashabbus o‘z samarasini bermoqda. 2025-yil Tadbirkorlar kuni arafasida Yerjan Tashbenbetov davlatimiz rahbarining tegishli farmoyishiga muvofiq “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA