Kongo va Ugandada "ebola" virusi tarqalmoqda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Kongo Demokratik Respublikasi hamda Ugandadagi "ebola" virusi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan so‘nggi ma’lumotlarni ochiqladi.
“TASS” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Jenevada o‘tkazilgan brifingda JSST bosh direktori kasallikka chalinganlikda gumon qilinayotganlar soni qariyb 600 nafarga yetgani, ulardan 139 tasi o‘lim bilan yakunlanganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, virus rasman aniqlanguniga qadar ma’lum muddat aholi orasida tarqalib ulgurgan va shu sababli yaqin orada kasallanish hamda o‘lim holatlari soni yana ortishi mumkin.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, ayni paytda ushbu virus Kongo hududida 51 kishida, Ugandada esa 2 nafar bemorda laboratoriya tahlillari orqali to‘liq tasdiqlangan. Hozirda tashkilot mutaxassislari epidemiologik kuzatuv, bemorlarni izolyatsiya qilish hamda virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha tezkor choralarni yanada kuchaytirmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA