Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu rukn orqali O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilar tomonidan iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

BAA. O‘zbekistonning Abu-Dabidagi Favqulodda va muxtor elchisi Umid Shodiyev Birlashgan Arab Amirliklari Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zaro muloqotda yurtimizda BAA kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan energetika va infratuzilma loyihalari, shuningdek, istiqbolli tashabbuslar muhokama qilindi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasida energetika, transport va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni jadallashtirish hamda investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

Buyuk Britaniya. Yaqinda London shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon ta’lim forumida o‘lkamiz delegatsiyasi munosib ishtirok etdi. Birlashgan Qirollikdagi elchixonamiz ma’lumotiga ko‘ra, ushbu nufuzli forumda ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik, innovatsion yondashuvlar va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Germaniya. Mamlakatimizning Berlindagi diplomatik vakolatxonasi rahbari Dilshod Axatov GFR Iqtisodiyot va energetika federal vazirligi parlament davlat kotibi Shtefan Rouenxoff bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida tomonlar qayta tiklanuvchi energiya, suvni tejovchi texnologiyalar, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash hamda dual kasbiy ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Malayziya. Kuala-Lumpurdagi elchixonamiz hamkorligida Malayziyaning “Syabab Trading Sdn Bhd” va “Mufaz Group Sdn Bhd” kompaniyalari delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif doirasida mehmonlar respublikamizning eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari salohiyati bilan tanishib, mahalliy eksportchi korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. Shuningdek, mehmonlar o‘zbek gilosi, o‘rik, anor va qovun mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirmoqda.

Polsha. Varshavadagi diplomatimiz Amirsaid A’zamxo‘jayev Polsha Milliy savdo palatasi rahbari Andjey Arendarski bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA