Kommunal soha raqamlashtirilsa nima o‘zgaradi? (+video)
Bugungi kunda respublikamizda 45 663 ta ko‘p xonadonli uylar mavjud bo‘lib, ularda 1.6 millionga yaqin xonadon va 7 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Albatta, bunday katta xo‘jalikni boshqarish uchun malakali ishchilar, mas’uliyatli va shaffof boshqaruv tizimi talab etiladi.
So‘nggi yillarda boshqaruv tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 90 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarmoya qilindi. Ayni vaqtda sohada 18 808 nafar xodim mehnat qilmoqda. Yangi xizmat turlarini joriy etish hisobiga har yili ko‘plab ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Aytish kerakki, tizimda adolat va shaffoflikni ta’minlash, BSK ning mas’uliyatini oshirish uchun sohaga raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Masalan, «Mening uyim» axborot-billing tizimi va «Turar joy» milliy axborot tizimi orqali ko‘p xonadonli uylarning texnik holati bo‘yicha ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish va monitoring qilish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa har bir murojaatga o‘z vaqtida javob berish, aholi to‘lov intizomini mustahkamlash, eng muhimi mulkdorlari e’tirozlarini kamaytirishga erishishda yordam berdi.
Ushbu tizimning ustun jihatlari, sohadagi tub o‘zgarishlar va kelgusidagi rejalar xususida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi departament boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Xalilov bilan suhbatlashdik.
- Ayting-chi, so‘nggi yillarda kommunal sohada aholiga xizmat ko‘rsatish qanchalik o‘zgardi?
- Mazkur sohaga davlatimiz rahbarining e’tiborlari va amalga oshirilayotgan islohotlar bugungi kunda o‘z natijasini beryapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2021-yil davlatimiz rahbarining qarori bilan sohada ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasiga tadbirkorlik sub’ektlari kirib keldi. Ilgari xususiy uy-joy mulkdorlar shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2022-yildan boshlab mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) bosh-qosh bo‘ldi. Bu BSK faqatgina aholidan tushayotgan majburiy badallar bilan cheklanmay, qo‘shimcha xizmat turlari joriy etish hisobiga ham uy-joy fondini saqlash, ta’mirlash ishlarini amalga oshirishlari uchun imkoniyatlar yaratildi. Undan tashqari mazkur BSKga soliq imtiyozlari ham berildi. Bugungi kunda respublikamizda 40 dan oshiq qo‘shimcha xizmat turlari tashkil etildi. Oldin ular faqat ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatishgan xolos.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ko‘p xonadonli uylarni boshqarish tizimi yanada ochiq, raqamlashgan va aholi manfaatlariga yo‘naltirilgan zamonaviy tizimga aylanib bormoqda. (davomi videoda)
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EB1NACnAhAg" title="Kommunal soha raqamlashtirilsa nima o‘zgaradi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA