Suzish: yosh sportchilar O‘zbekiston chempionligi yo‘lida bahslashmoqda
Chirchiq Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining suzish havzasida U11 va U13 yosh toifalari o‘rtasida suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 359 nafar sportchi, shundan 227 nafar o‘g‘il va 132 nafar qiz bolalar ishtirok etayotgan chempionatning ilk kunida bir qator yo‘nalishlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Shiddatli kechgan musobaqalarning dastlabki kungi natijalariga ko‘ra, U13 toifasida Mushtariy Abdug‘afforova va Roman Petrovnin uchta yo‘nalishda chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, ushbu toifada Muslima Ro‘ziboyeva, Samina Latipova, Muhammadamin Baxtiyorov 1 tadan oltin medallarga egalik qildi.
Musobaqaning U11 yosh toifasida esa Aleksandr Frenkel 2 ta yo‘nalishda tegsiz, deb topilgan bo‘lsa, Muslima Ravshanbekova, Gavharoy Sodiqova, Taisiya Antonova 1-o‘rinni egalladi.
Chempionatning ochilish marosimida ishtirok etgan “Uzbekistan Aquatics” federatsiyasi bosh kotibi Ruslan Mustayev va boshqalar mazkur musobaqalar mamlakatimizda suv sport turlari bo‘yicha yangi iste’dodlarni kashf etishga qaratilganini bildirib o‘tdi.
Musobaqalar davom etmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA