Ko‘krak bezi saratoni: xalqaro ekspertdan mahorat sabog‘i
Ayollar salomatligini asrash, jumladan, xavfli o‘smalarni o‘z vaqtida bartaraf etish bugungi kun tibbiyotining eng nozik va mas’uliyatli yo‘nalishlaridan biri. Ayniqsa, ilg‘or xorijiy amaliyotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy klinikalar faoliyatiga integratsiya qilish sohada sifat o‘zgarishlarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Rossiyaning «Missiya Dobro» loyihasi doirasida xalqaro tadbirlar boshlandi.
Joriy yilning 26-28-oktabr kunlariga mo‘ljallangan ushbu nufuzli tadbir doirasida 16 yillik boy kasbiy tajribaga ega yuqori malakali mutaxassis Yekaterina Yevgenevna yurtimizga tashrif buyurdi. Ekspert ayollar kasalliklari va xavfli o‘smalarni barvaqt tashxislash hamda davolash, intervension ultratovush diagnostikasi, shuningdek, a’zoni saqlab qoluvchi, onkoplastik, rekonstruktiv-plastik va estetik jarrohlik yo‘nalishlarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Tadbir dasturi amaliy va ilmiy yo‘nalishlarni uyg‘unlashgan holda qamrab olgan bo‘lib, «Ko‘krak bezi saratonini jarrohlik yo‘li bilan davolashning zamonaviy usullari» mavzusida mahorat sabog‘i o‘tkazildi. Unda mahalliy mutaxassislar mazkur kasallikni bartaraf etishning eng so‘nggi ilg‘or yondashuvlari va yangi amaliy texnologiyalarni yaqindan o‘rgandi.
Shuningdek, soha xodimlari uchun ilmiy-amaliy ma’ruzalar rejalashtirilgan.
Uch kunlik dastur doirasidagi bunday jonli muloqotlar va master-klasslar faqatgina nazariy bilimlarni oshirib qolmasdan, har bir shifokorning kundalik amaliyotiga yangicha klinik yondashuvlarni olib kiradi. Eng asosiysi, bu kabi xalqaro tashabbuslar ko‘krak bezi xastaliklarini erta bosqichlarda aniqlash ko‘lamini kengaytiradi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA