Kitob sahifalaridan chiqib, tirik jarayonga aylangan tarix
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi rekonstruksiyadan so‘ng yana o‘z faoliyatini boshladi. 150 yillik tarixga ega ushbu muzey mamlakatimizda o‘zbek xalqining qadim zamonlardan to bugungi kungacha bo‘lgan tarixi va madaniyatini o‘zida to‘liq aks ettiruvchi eng yirik ma’rifiy maskanlardan biri hisoblanadi.
Bu yerga tashrif buyurgan har bir inson o‘zbek xalqi tarixining naqadar boy va ulug‘ ekanini, uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yanada chuqurroq anglaydi. Muzey ekspozitsiyasi allomalarimizning hayoti, ilmiy faoliyati, buyuk kashfiyotlari va insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Ta’mirlash, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida muzeyning barcha ekspozitsiyalari zamonaviy muzeyshunoslik talablari asosida tubdan yangilandi. Yangi ekspozitsiyada tarixiy jarayonlar ilmiy konsepsiya asosida qayta ko‘rib chiqilib, eksponatlarni namoyish etishning zamonaviy va interaktiv texnologiyalari joriy etildi. Yangilangan ekspozitsiya tarixiy voqea va jarayonlarni yaxlit g‘oya asosida yoritish, tashrif buyuruvchilarda tarixiy tafakkurni shakllantirish hamda eksponatlar bilan muloqot qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ekspozitsiyada O‘zbekiston hududidagi eng qadimgi tosh davridan boshlab ilk davlatchilik shakllanishi, antik davr, ilk o‘rta asrlar, Birinchi Renessans, Amir Temur va Temuriylar davridagi Ikkinchi Renessans, o‘zbek xonliklari, Rossiya imperiyasi va sovet mustamlakachiligi davrlari, jadidchilik va milliy uyg‘onish harakati, shuningdek, mustaqillik yillaridagi taraqqiyot bosqichlari izchil yoritilgan.
Shuningdek, Ahamoniylar davlati va Aleksandr Makedonskiy yurishlari, qadimgi Xorazm, Qang‘ va Dovon davlatlari, Kushon podsholigi, Buyuk ipak yo‘li hamda buddaviylik madaniyatining O‘zbekiston hududida tarqalishi arxeologik topilmalar, rekonstruksiyalar va multimedia yechimlari orqali namoyon etilgan.
Ekspozitsiyada 1972-yilda Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepadan topilgan, umumiy og‘irligi 36 kilogramm bo‘lgan bezaklar va quyma tillalardan iborat mashhur xazina namunalari, qatag‘on qurbonlarini olib ketishda foydalanilgan qora rangli maxsus avtomobil, 1916-yilgi mardikorlikka bag‘ishlangan qo‘shiqlar, Ikkinchi jahon urushi yillarida 14 nafar yetim bolani bag‘riga bosgan Shomahmudovlar oilasi va hovlisining maketi, Xiva, Buxoro va Qo‘qon xonlarining portretlari kabi ko‘plab noyob eksponatlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
[gallery-30542]
Ekspozitsiyaning yakuniy qismida O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichi hamda 2016-2026-yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari o‘z ifodasini topgan. Mazkur bo‘lim tashrif buyuruvchilarga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bu yutuqlar Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida talqin qilingan.
Yangilangan ekspozitsiya O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini keng jamoatchilikka yetkazish, milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash, muzeyning ilmiy-ma’rifiy faoliyatini yanada rivojlantirish hamda Ona Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
– Muzeyning qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofada ochilgani juda katta voqea bo‘ldi, – deydi taniqli bastakor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva. – Dunyoning ko‘plab muzeylarida bo‘lganman. Yangi ekspozitsiyada har bir eksponatga xalqaro talablar asosida yondashilgan. Yoritish tizimi tarixiy ashyolarni yanada jozibador ko‘rsatadi. Zamonaviy audio va vizual texnologiyalarning qo‘llanilishi muzeyning ta’sirchanligini yanada oshirgan. Nazarimda, tarix darslarining ayrimlarini ana shunday muzeylarda o‘tish maqsadga muvofiq. Shunda o‘quvchilar o‘tmish muhitini chuqurroq his eta oladilar.
– Muzey 2024-yil iyun oyida rekonstruksiya uchun yopilgan edi, – deydi muzey bo‘lim mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Tohir Norqobilov. – Ikki yil davomida muzey ekspozitsiyasi to‘liq yangilandi. Zamonaviy video va audio texnologiyalari keng joriy etildi, muzeyshunoslikning eng so‘nggi yutuqlaridan samarali foydalanildi. Eksponatlarning axborotbopligi va namoyish sifatiga alohida e’tibor qaratildi. Uch kun davomida muzeyimizda «Ochiq eshiklar kunlari» e’lon qilingan bo‘lib, bu vaqtda tashrif buyuruvchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Ishonamizki, yangilangan muzey Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida xalqimiz uchun munosib tuhfa bo‘ladi.
– Muzeyning ochilgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali eshitib, bugun nevaramni shu yerga olib keldim, – deydi O‘ktam Tojiboyev. – Men o‘qituvchiman. Hozirgi kunda bolalarni tarixga qiziqtirish oson emas. Bu muzey esa nevaralarimda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki bu yerda tarixni jonli jarayon sifatida his qilish mumkin. Eksponatlarning zamonaviy usullarda namoyish etilishi tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldiradi.
Darhaqiqat, xalqimiz tarixi g‘oyat boy va betakrordir. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangilangan qiyofada qayta ochilishi Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida yurtdoshlarimiz uchun munosib tuhfa bo‘ldi. Muzey nafaqat milliy merosimizni asrab-avaylash, balki yosh avlodda tarixiy xotira, milliy g‘urur va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
O‘zA muxbirlari