"Kitob mening do‘stimsan"
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Gurlan axborot-kutubxona markazida o‘tkazgan tadbir ana shunday nomlandi.
Ijodiy uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, taniqli shoira Gavharjon Ibodullayeva hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi raisi Dilbar Bekchanova so‘zga chiqib, kutubxonaga kitoblar to‘plamini topshirishdi.

Uchrashuvga yosh kitobxon qizlardan tashqari kitobni, adabiyotni o‘ziga yaqin do‘st bilgan kitobsevar onaxonlar ham taklif etildi. Ular yoshlarni ko‘p kitob mutolaa qilishga da’vat etarkan, kitobxonlikning ahamiyati, yoshlar ta’lim-tarbiyasida kitobning, adabiyotning beqiyos o‘rni borasida gapirdilar.
Shoira Gavharjon Ibodullayeva o‘zining unutilmas yoshligi, mehnat faoliyati va ijodining betakror lahzalari haqida maroqli hikoya qildi va go‘zal she’rlaridan o‘qib berdi. Qizlar ham sevimli ijodkorning she’rlaridan namunalar o‘qidi.

Tadbir taniqli ijodkor hamda yoshlarning o‘zaro maroqli suhbatlari, fikr va mulohazalari bilan yanada mazmunli o‘tdi. Uchrashuv barchada unutilmas taassurot qoldirdi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri