"Ziyoli kelajak"
“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan “Ziyoli kelajak” loyihasi doirasida Bo‘zatov tumani “Yerkindәrya” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 7-sonli umumta’lim maktabi kutubxonasiga 250 dona badiiy va ma’rifiy kitob taqdim etildi.
Ushbu tashabbus tadbirkor Azat Mustafayev rahbarlik qilayotgan “Atiyaj Gulzor” mas’uliyati cheklangan jamiyati moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularni ilm-fan va ma’rifatga yo‘naltirish hamda zamonaviy bilimlarni egallashga rag‘batlantirish maqsadida “Yuksalish” harakati tomonidan “Ziyoli kelajak” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.

Bugun dunyoda kechayotgan jadal o‘zgarishlar insondan nafaqat bilim, balki mustaqil fikrlash, axborotni tahlil qilish va to‘g‘ri xulosa chiqarish qobiliyatini ham talab etmoqda. Ayniqsa, yosh avlodning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularda ilmga qiziqish uyg‘otish va doimiy izlanishga undash muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Zero, yoshlarning bilim va tafakkuri qanchalik yuksak bo‘lsa, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki va kelajakka qo‘shayotgan hissasi ham shunchalik salmoqli bo‘ladi.
“Ziyoli kelajak” loyihasi aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda tashkil etilgan. Loyihaning asosiy maqsadi yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ilm-fan va ma’rifatga yaqinlashtirish, intellektual rivojlanishi uchun zarur muhit va imkoniyatlarni kengaytirishdan iborat. Loyiha yoshlarni kitob o‘qish, yangi bilimlarni o‘zlashtirish, mustaqil izlanish va o‘z ustida ishlashga rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Bugungi yoshlar ertangi kunning mutaxassislari, olimlari, tadbirkorlari va jamiyat faollaridir. Shu bois ularning intellektual rivojiga sarmoya kiritish mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim omillardan biri.
Intellektual rivojlanish bir martalik jarayon emas. U doimiy o‘qish, izlanish, tajriba va yangi bilimlarni o‘zlashtirishni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, “Ziyoli kelajak” kabi tashabbuslar yoshlarning ta’lim va o‘z-o‘zini rivojlantirishga bo‘lgan munosabatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Tadbir davomida maktab jamoasi va o‘quvchilar kitob inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi, bilim va tajriba manbai ekanligini alohida ta’kidlab, mazkur xayrli tashabbusni mamnuniyat bilan qabul qildi.
Bilimli va keng dunyoqarashga ega avlodni tarbiyalash nafaqat ta’lim muassasalarining, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Bu jarayonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oya va tashabbuslariga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, yoshlarga berilgan bilim va yaratilgan imkoniyatlar ertangi taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘ladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri